Ventilyator
Ventilyator (lotincha ventilo — puflayman, esaman, silkitaman) — havo yoki gazlarni haydovchi yoki so’ruvchi qurilma. Odatda, Ventilyator havo yoki gazni 0,15 MPa gacha bosim bilan haydaydi yoki so’radi. Asosiy ish elementi motor va parrakli g’ildirakdan iborat. Binolar va shaxtalar havosini tozalash, qishloq xo’jalik mahsulotlari (don, paxta, pichan) ni quvur orqali uzatish, donni tozalash, saralash va quritishda qo’llaniladi. Ventilyatorning haydovchi, so’ruvchi va aralash xillari bo’ladi. Ishlash tarziga ko’ra, havo oqimi o’q bo’ylab yo’nalgan yoki o’qaviy Ventilyator va markazdan qochma Ventilyatorga bo’linadi. O’qaviy Ventilyator tsilindrik kojux 5, parrakli g’ildirak, kollektor, kirayotgan havoni yo’naltiruvchi apparat, chiqayotgan havoni yo’naltiruvchi apparat va uyurma. Markazdan qochma Ventilyatorda parrak aylanganda havo oqimi kollektordan parrak kanallariga kiradi va markazdan qochma kuch ta’sirida spiral shaklidagi kojux Z ichiga o’tib, chiqish teshigiga haydaladi. Hosil qiladigan bosimiga qarab, Ventilyatorlar uch turga bo’linadi: a) past bosimli (100 mm suv ust. dan past) — donni saralash va tozalash hamda kombayn Ventilyatorlari; b) o’rtacha bosimli (100 mm dan 300 mm gacha suv ust.) — pichan uchun mo’ljallangan; v) yuqori bosimli (300 mm dan 1500 m gacha suv ust.) — don uchun mo’ljallangan. Xonalarni shamollatish uchun mo’ljallangan Ventilyatorlar, ko’pincha, yumshoq parrakli qilib ishlab chiqariladi. Qayerda ishlatishga mo’ljallanganligiga qarab, Ventilyatorlar sanoat va maishiy xillarga bo’linadi. Sanoat Ventilyatorlari sanoat korxonalari, shaxtalar, metropoliten yo’laklari va boshqa joylarda, maishiy Ventilyatorlar turar joy binolari, jamoat binolari, uy-joylar, idoralar va boshqa joylarda qo’llaniladi. Ventilyatorlar devorlar ichiga, shiplarga o’rnatiladi; stol ustiga va polga qo’yiladigan Ventilyatorlar ham bo’ladi.