Vertikal drenaj
Vertikal drenaj — qishloq xo’jalik yerlarini drenaj qilish turi; sug’oriladigan erlarning optimal meliorativ rejimini ta’minlash maqsadida yer osti suvlarinn so’rib olishi uchun nasoslar bilan jihozlangan burg’i quduqlari sistemasi. O’rta Osiyodagi sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida Vertikal drenaj tuproqning sho’rlanishi va zax bosishiga qarshi qo’llanilddi. Vertikal drenajning sho’rsizlantirish samarasi sho’r yuvish, vegetasion suyurish, tuproq-grunt aeratsiyasi va tuproq qoplami zonasidan erigan tuzlarni yer osti suvlarining chuqurroq gorizontlariga tushirish yoki ularni sug’oriladigan hudud chegarasidan tashqariga chiqarib yuborish yo’li bilan amalga oshiriladi. Vertikal drenaj gorizontal drenaj kam samara beradigan, tuproq qatlami suvni sust o’tkazadigan, yer osti suvlarining bosimi katta bo’lgan qatlamlarda quriladi. Vertikal drenaj birinchi marta 20-asr boshida AQShda qo’llanilib, «Kaliforniya drenaji» nomini oldi. Hozirgi davrda Vertikal drenaj sug’orma dehqonchilik rivojlangan Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan. O’zbekiston Respublikasida birinchi marta melioratsiyaning bu usuli 1928-30 yillarda Mirzacho’lda sinab ko’rildi, 1960 yildan boshlab shu joydagi xo’jaliklarda ko’plab qurildi. Keyinchalik Vertikal drenaj O’zbekistonda Markaziy Farg’ona, Qarshi, Surxon-Sherobod va Jizzax cho’llarini o’zlashtirishda, Turkmanistan, Tojikiston, Qirg’iziston, Ozarbayjonda keng qo’llanildi. Quduqning chuqurligi hududning litologik tuzilishiga qarab 30 dan 100 metrgacha, diametri 1000 mm gacha, suv sarfi maydonning gidrogeologik sharoitiga bog’liq bo’lib, 15 l/s dan 200 l/s gacha bo’lishi mumkin.