Vismut
Vismut (nemischa Wismut; lotincha Bismuthum), Bi — Mendeleyev davriy sistemasining V guruhiga mansub kimyoviy element, tartib raqami 83, atom molekulasi 208,98, och pushti-kumush rang metall, suyuqlanish temperaturasi 271,3°, qaynash temperaturasi 1564°, zichligi 9,8 g/sm3. Moss shkalasi bo’yicha qattiqligi 2,5. Yer po’stlog’idagi miqdori og’irlik jihatidan 2105%. Barqaror izotopining massa soni 209. Bir necha radioaktiv izotopi ma’lum: 2HBi, 2l0Bi, 212Bi, 211Bi va 2l3Bi. Eng ahamiyatlisi 210Bi neytronlar bilan nurlantirish orqali olinadi. Vismut alkimyo davrida ham ma’lum edi, uni surma, qalay va qo’rg’oshinning boshqa ko’rinishi deb o’ylashgan. 18-asr o’rtalarida yarim metall xossasiga ega bo’lgan mustaqil element deb e’tirof etildi. Vismut tabiatda har xil birikmalar holida uchraydi. Asosiy minerallari — vismutli oxra Bi2O3, vismut yaltirog’i Bi2S3, kozalit Pb2Bi2S5, tetradimit Bi2TeS, bismutin Bi,CO,(OH)4. Vismut nodir elementlardan hisoblanadi. U vismut rudalaridan, mis, qo’rg’oshin, qalay rudalarini qayta ishlash jarayonida hosil bo’ladigan chiqindilardan pirometallurgik va gidrometallurgik usulda ajratib olinadi. O’z birikmalarida -3, +1, +2, +3, +4, +5 ga teng valentliklarini namoyon qiladi. Bi+3 birikmalari ko’proq uchraydi; Bi+5 birikmalari kuchli oksidlovchi. Vismut quruq havoda barqaror, namlik ta’sirida yupqa oksid parda bilan qoplanadi. 500°dan yuqori temperatuada qizdirilsa, Vismut yonib, Bi2O3 hosil qiladi. Vismut vodorod xlorid va sulfat kislotada erimaydi, nitrat kislotada yaxshi eriydi. Qizdirilganda galogenlar, oltingugurt va boshqalar bilan birikadi. Vismutning angidridi Bi2O5 va vodorodning birikishidan hosil bo’luvchi gidridi VSH3 (beqaror zaharli gaz) ma’lum. Vismut oson suyuqlanuvchan qotishmalar komponenti magnit maydoni kuchlanishini o’lchovchi asbob va yadro reaktorlarida issiqlik tashuvchi sifatida qo’llaniladi. Vismut preparatlari tibbiyotda qotiruvchi, yuqumsizlantiruvchi va qurituvchi modda sifatida (dermatol, kseroform va boshqalar) ishlatiladi, me’daning yara kasalligida va ichakning yallig’lanish kasalliklarida Vismut gidroksi nitrati ichiriladi, zaxmni davolash uchun bismoverol, biyoxinol va boshqalar muskul orasiga yuboriladi.