Vola
Vola (taxallusi; asl ismi Eshonxo’ja Mirinoyatullo o’g’li) (1770 — Samarqand viloyati Ishtixon tumani — 1842) — o’zbek shoiri. Vozehning «Suhbatdoshlar tarjimai holidan do’stlarga tuhfa» tazkirasida keltirilishicha. Vola tug’ma ko’zi ojiz bo’lgan. Shunga qaramay u turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. Vola 19-asr Kattaqo’rg’on adabiy muhitiga mansub Shavqiy. Nodim, Xiromiylar bilan ijodiy muloqotda bo’lgan. Navoiy, Hofiz she’rlariga tazmin, muxammaslar bog’lagan. She’rlari ijtimoiy, falsafiy va ishqiy mavzuda. Ularda mehnatkash xalq hayoti, turmush mashaqqatlari, o’z qashshoqligidan norozilik, shu bilan birga ezgu orzular ifoda etilgan. Ba’zi manbalarda she’rlaridan 2 ta devon tartib bergani va bayozlar tuzgani haqida ma’lumot keltiriladi, ammo ular hali topilmagan. Turli bayozlarga kirgan 3 ming misradan ortiq she’rlari bizgacha yetib kelgan.