Voqelik

Voqelik — tabiiy va ijtimoiy-tarixiy hodisalarni ifodalovchi ob’yektiv reallik. Keng ma’noda mavjud olamni, dunyoni, borliq mazmunini ifodalasa, tor ma’noda tayin predmet, hodisa, jarayonlarni anglatadi. Falsafa tarixida Voqelik turlicha talqin etilgan. Xususan o’rta asr falsafasida ilohiyot bilan bog’lab tushuntirilgan: 16-17-asr faylasuflari (T. Gobbs, R. Dekart) Voqelikni fazo va vaqtda» mavjud moddiylik sifatida talqin etdilar. Voqelikni mantiqiy bilishning muhim bosqichi deb hisoblagan Gegel, Voqelik — o’z-o’zini anglashga intilgan mutlaq g’oyaning muayyan holati, mohiyat va mavjudlikning birligidir, deb tushuntiradi. Voqelikka dialektik yondashish, uni bir butunlikda, umumiy va o’zaro aloqadorlikda tekshirish undagi muhim yo’nalish, bog’lanishlarni anglashga imkon beradi. Voqelikni haqiqiy baholash, undan to’g’ri xulosalar chiqarish Voqelikni o’zgartirishning garovi sanaladi. Hayot jarayonlarini sinchkovlik bilan kuzatish va o’rganish orqali Voqelik mohiyatini to’g’ri tushunish, uning rivojlanish tendentsiyasini aniqlash, kelajakni oldindan ko’ra olish mumkin.