Votum
Votum (lotincha votum — xohish, iroda) — saylov yoki vakolatli muassasada saylovchilar ko’pchiligi tomonidan ifodalangan yoxud qabul qilingan fikr yoxud qaror. Votumning bir necha turlari mavjud: Ishonch Votumi — parlament boshqaruv tizimi amalda bo’lgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yo’li, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan ma’qullanishi. Ishonch Votumi to’g’risidagi masalani qo’yish tashabbusi bilan hukumatning o’zi, parlament fraktsiyalari yoki deputatlar guruhlari chiqishi mumkin. Ishonchsizlik Votumi— parlament boshqaruv tizimi amadda bo’lgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yo’li, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan noma’qul deb topilishi. Mazkur Votum to’g’risidagi masala hukumatning o’zi, parlament fraktsiyalari yoki deputatlar guruhlarining tashabbusi bilan qo’yiladi. Hukumatga ishonchsizlik Votumi bildirilishi amalda hukumatning iste’foga chiqishiga va yangi hukumat tuzilishiga (ya’ni siyosiy tanglikka) yoxud parlament (quyi palata) tarqatib yuborilishiga hamda muddatidan avval parlament saylovlari o’tkazilishiga sabab bo’ladi. Majburiy Votum — ayrim mamlakatlarda muomalaga layoqatli barcha fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylovlarda, albatta, qatnashishini talab etuvchi yuridik majburiyat. Plyural Votum — ayrim mamlakatlarda saylovchilarning muayyan toifalari saylovlarda 2 yoki undan ortiq ovozga ega bo’lishini taqozo etadigan tartib. Saylov Votumi — parlament, prezident, munisipalitetga saylovlar bo’yicha yakuniy natijalar.