Voyaga yetmaganlar javobgarligi

Voyaga yetmaganlar javobgarligi — 18 yoshga to’lmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarning javobgarligi, jinoyat qonuniga binoan tayinlanadigan, qat’iy cheklangan jazo turlari. O’zbekiston Respublikasi jinoyat qonunida voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning o’ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlari e’tiborga olinib, alohida javobgarlik belgilangan. Bular: a) jarima; b) axloq tuzatish ishlari; v) qamoq; g) ozodlikdan Maxrum qilish jazolaridan biridir. Ular jinoyatning turi va xarakteriga qarab tayinlanadi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jazoning boshqa turlari, qo’shimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas (O’zR JK, 81-modda). Voyaga yetmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan tayinlanadigan jazo miqdori va muddatlari ancha qisqartirilgan. Axloq tuzatish ishlari 1 oydan 1 yilgacha muddat doirasida belgilanadi va bu jazoni o’tash uchun mahkumni o’zi yashayotgan joydan boshqa joylarga jo’natish mumkin emas. Qamoq jazosi 1 oydan 3 oygacha muddat doirasida tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish muddati ham voyaga yetmaganlar yoshi va jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab belgilanadi: u 16 yoshga to’lmaganlarga — uncha og’ir bo’lmagan jinoyat uchun — 3 yilgacha; og’ir jinoyat uchun — 6 yilgacha; o’ta og’ir jinoyat uchun — 10 yilgacha; 16 yoshdan 18 yoshgacha bo’lganlarga — uncha og’ir bo’lmagan jinoyat uchun — 4 yilgacha; og’ir jinoyat uchun 7— yilgacha; o’ta og’ir jinoyat uchun — 10 yilgacha muddat doirasida tayinlanadi va har qanday holda bu muddatlardan chetga chiqilishi mumkin emas (O’zR JK 85 — va 86-moddalari). Sud tomonidan ozodlikdan mahkum etishga hukm qilingan voyaga yetmaganlar jazoni voyaga yetmaganlar tarbiya koloniyasida o’taydi. Voyaga yetmaganlarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishning alohida qoidalari tadbiq qilinadi. Shuningdek, jinoyati uchun 3 yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki undan ham yengilroq boshqa jazo olgan voyaga yetmaganlarni sud javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilib, jinoiy jazo hisoblanmagan quyidagi majburlov choralarini qo’llashi mumkin: a) sud belgilaydigan shaklda jabrlanuvchidan uzr so’rash; b) 16 yoshga to’lgan shaxs zimmasiga yetkazilgan zararni o’z mablag’i hisobidan yoki mehnati bilan to’lash yoki zararni bartaraf qilish majburiyatini yuklash; v) voyaga yetmaganni maxsus o’quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish. Uning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish tartibi umumiy qoidalar, shuningdek O’zbekiston Respublikasi JPK 548-564-moddalari asosida belgilanadi.