XALQARO IQTISODIY HAMKORLIK

XALQARO IQTISODIY HAMKORLIK — xalqaro iqtisodiy munosabatlarning muhim ko’rinishlaridan biri. Jahon xujaligining rivojlanib, globallashuv jarayonining chuqurlashib borishi bilan Xalqaro iqtisodiy hamkorlikning milliy iqtisodiyot taraqqiyotidagi ahamiyati ortib boradi. Uning asosiy sub‘yektlari — davlatlar, transmilliy kompaniyalar, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar hisoblanadi. XX asrning 80-yillaridan e‘tiboran, Xalqaro iqtisodiy hamkorlik doirasi kengayib, iqtisodiy munosabatlarni keng ko’lamda qamrab oldi, tashqi va xalqaro savdo, kredit munosabatlari, valyuta va to’lov — hisob kitob sohasi, migratsiya va kapital chiqarish, mintaqaviy integratsiya, transmilliy kompaniyalarni tashkil etish va kredit moliya institutlarini shakllantirish, xalqaro iqtisodiy munosabatlarni tartibga solib, ilmiytexnika va ishlab chiqarish sohalarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xalqaro iqtisodiy hamkorlik uning sub‘yektlari iqtisodiy manfaatlarini milliy chegaralardan tashqarida ro’yobga chiqarishning eng maqbul yo’li hisoblanadi. Jahon davlatlari o’zlarining tub ichki manfaatlarini amalga oshirish maqsadida, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasidan kelib chiqqan holda Xalqaro iqtisodiy hamkorlikning muayyan yo’nalishlarida faollik ko’rsatadilar.