Xartum

Xartum — sudralib yuruvchi (masalan, yumshoq toshbaqa) va sut emizuvchilar (ko’pchilik hasharotxo’rlar, tapir, ayrim kurakoyoklilar, fil va boshqalar) tumshug’ining uzaygan burun qismi. Burun teshiklari Xartum uchiga ochilgan. Nafas olish, hid bilish va tuyg’u funktsiyasini bajaradi. Xartum fillarda yaxshi rivojlangan. Fil Xartumi burunning chuzilib, yuqori lab bilan qo’shilib o’sishidan hosil bo’lgan. Fil Xartumi uchidagi barmoqsimon o’simtasi yordamida ozig’ini qamrab oladi, uni paypaslab ko’radi va buyumlarni tutib turadi. Ba’zi umurtqasiz hayvonlardagi so’rish vazifasini bajaruvchi tananing ko’rinishi o’zgargan oldingi qismi yoki uning o’simtasi ham Xartum deb ataladi. Ayrim turbellyariyalar, nemertinlar, xartumli zuluklar va qorinoyoqli mollyuskalar Xartumi yordamida o’ljasini jonsizlantiradi va ushlaydi, shuningdek, o’zini himoya qiladi. Parazit chuvalchanglar ilmoq Xartumi yordamida ichak devoriga yopishib oladi. Fil Xartumi bilan so’rib olgan suvni og’ziga yuboradi.