Xatna

Xatna (Arabcha) — asosan, o’g’il bola olatining cheka kertmagini kesish marosimi. Dastlab ibtidoiy jamoa tuzumida paydo bo’lgan, o’spirin bolaning kattalar safidan o’rin olishi, balog’atga etishi munosabati bilan bajarilgan. Bunda har xil jismoniy sinovlar (och qoldirish, terini tilish, quloq Suprasini yirtish, tishni sindirish, tishni egovlash va shu kabilar)ga duchor etilgan. Shunday odatlar Avstraliya, Okeaniya, Afrikada yashovchi ayrim xalqlarda saqlanib qolgan. Ba’zi joylarda qizlarni ham Xatna qilish (klitorni yoki kichik jinsiy lablarni olib tashlash) kabi odatlar mavjud. Bir qancha hollarda, jumladan, yahudiy, musulmonlarda diniy marosim shaklini olgan. Musulmonlarda bolalar 3-5-7 yoshda, ayrim hollarda 11-12 yoshgacha Xatna qilinadi. Xatna marosimlari o’zbeklar va bir qancha xalqlarda to’y shaklida o’tkaziladi. Ilmiy tibbiyotda olat kasallanganda va tug’ma nuqsonlari bo’lganda (parafimoz, fimoz va boshqalar) ham shunday operatsiya o’tkaziladi.