Xattotlik

Xattotlik (Arabcha — husnixat yozuvchi), kalligrafiya — yozuv (xat) san’ati, kitob ko’chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitobalarini yaratish kasbi. Yozuvning paydo bo’lishi natijasida yuzaga keldi. Ayniqsa, Arab yozuvining keng tarqalishi tufayli Xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, O’rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo’lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko’paytirish (matn ko’chirish) bilan xattotlar shug’ullangan. Xattotlar saroylarda, ayrim amaddorlar huzurida guruh bo’lib ishlagan. Jumladan, temuriy Shahzoda Boysung’ur Mirzo (1397-1433) Hirotda tashkil qilgan kutubxonada musavvir, naqqosh va boshqa ustalar bilan bir qatorda 40 dan ortiq xattotlar qo’lyozma kitoblar tayyorlash, yaroqsiz holga kelganlarini ta’mirlash bilan mashg’ul bo’lgan. Xattotlik san’atiga bag’ishlangan ko’plab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muxakkak, nasta’lik, suls, tavqe, ta’liq, Devoniy, Riko, rik’iy) mavjudligi haqida darak beradi. O’rta Osiyoda Arab yozuvlari tarqalguniga qadar turli yozuv usullari bo’lgan [masalan, sug’diy, urxunenisey (qadimgi turkiy xoqon yozuvlar) va boshqalar]. Qadimgi yozuvlardan bo’lgan kufiy yozuvi ko’pgina me’moriy va boshqa yodgorlik obidalarining bezagida, saqlanib qolgan. Jumladan, O’zbekiston musulmonlari diniy idorasida saqlanayotgan Usmon Qur’oni ham ana shu kufiy (qadimgi Hijoz adabiy yozuvi) da ko’chirilgan. Qur’on ko’chirishda nasx, buyruq va farmonlar yozishda tavqe, maktublar bitishda riqo ishlatilgan. Bulardan tashqari tumor, g’ubor, shajariy, tug’ro va boshqa yozuv usullari ham bo’lgan. 15-asrdan kitob ko’chirish (fors, eski o’zbek tillari)da nasta’liq xati rasm bo’lgan. Xattotlik Markaziy Osiyoda Temuriylar, Shayboniylar va so’nggi sulolalar (Ashtarxoniylar, mang’itlar) davrida yuksak darajada taraqqiy etgan. Amir Temur davrida Mavlono Shamsuddin Munshiy, sangtarosh va xattot oltun juda mashxur bo’lgan. Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasida 11 ta yirik san’atkorlar (Sultonali Mashhadiy, Abduljamil kotib, Darvesh Muhammad Toqiy va boshqalar) Xattotlikda samarali ijod qilgan. «Xattotlar sultoni» Sultonali Mashhadiy, Mir Ali Tabriziy va boshqalar nasta’liq xatini san’at darajasiga ko’targan. Temuriy shahzodalar (Ibrohim bin Shohruh, Boysung’ur Mirzo, Badiuzzamon Mirzo va boshqalar) ham Xattotlikka homiylik qilish bilan birga o’zlari bu san’at turi bilan shug’ullangan; Zahiriddin Muhammad Bobur esa yangi xat va alifbo «Xammu Boburiy» ixtirochisidir. Kitobat san’ati bilan bir qatorda binolarning kitobalari, qabrtoshlardagi bitiklar va buyumlarda Xattotlik keng qo’llanilgan. Shayboniylardan Muhammad Shayboniyxon va Ubaydullaxon Xattotlik bilan shaxsan shug’ullangan va nasx xatida yuksak mahorat bilan yozgan. 16-asr Movarounnahr Xattotlik maktabini yuzaga kelishida Mir Ali Hiraviynnsh hayoti va ijodi alohida o’rin tutadi. Bosmaxona paydo bo’lguniga qadar kotib, xattotlar mehnati kitob tayyorlashda muhim o’rin tutgan. Bu Borada Boysung’ur Mirzo, Alisher Navoiy, Muhammad Rahimxon II (Feruz) va b.ning faoliyatlari diqqatga sazovor. 20-asrda yirik kutubxonalarda xattotlar qo’lyozma kitoblar nusxasini ko’paytirish bilan shug’ullandilar. Masalan, Navoiy kutubxonasi (O’zbekiston milliy kutubxonasi) da bir guruh xattotlar ishlagan. 1943 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti tashkil topgach, malakali xattotlar (Ibodulla Odilov, Abduqodir Murodov, Abdulla Nosirov, Usmon Karimov va boshqalar) shu yerga to’plandi: ular ko’hna qo’lyozmalarni tiklash, ko’chirish, tavsif varaqalari tuzish bilan shug’ullana boshladilar. 20-asr 80-yillariga kelib kitobat san’ati bir guruh kishilar tomonidan qayta tiklandi. Bunda Habibulla Solih, Abdulla Mirsoatov, To’xtamurod Zufarov, Alisher Shomuhammedov va boshqalarning xizmatlari katta. Jumladan, Habibulla Solih Mushafi Usmon Qur’onining asl nusxasidan pergamentga 3 marta nusxa ko’chirib tayyorlagan (bir nusxasi Malayziyaning Kualalumpur shahrida; pergamentga ko’chirib tayyorlagan yana bir nusxasi Toshkent Islom universitetida), katta Langar Qur’onidan (Sankt-Peterburg va O’zbekistondagi nusxalari asosida) teriga ko’chirib nusxa tayyorlamoqda. Habibulla Solih 1998 yilda Istanbulda o’tkazilgan xalqaro xattotlar bellashuvida «Devoniy» xat uslubi bo’yicha kuchli o’nlikdan o’rin oldi; 1999 yilda Xattotlikda yangi tarz (naqshin bezak yozuvining alifbosini kashf kilib bu sohada yangilik) yaratgani uchun Lohurdagi xalqaro xattotlar bellashuvida «Parvin raqam» («Sharq yulduzi») unvoniga sazovor bo’ldi. Abdulaziz Mansurov, Islom Mamatov, Salimjon Badalboev, G’afurjon Haqberdiev va boshqalar bugungi kundagi eng mashhur xattotlardir. Xattotlik hozirgi kunda Toshkent sharqshunoslik instituti, Toshkent Islom universiteti, Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o’rgatiladi. Ad.: Murodov A., O’rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan, T., 1971. Abdumajid Madraimov.