XAVFSIZLIK TEXNIKASI

XAVFSIZLIK TEXNIKASI — mehnat muhofazasi bo’limlaridan biri; ishlab chiqarishdagi jarayonlarda vujudga keladigan xavfli omillarning ishlovchilarga zararli ta’siri oldini olishga doyr tashkiliy va texnik tadbirlar qamda vositalar majmui. Ularni yaratish va ishlab chiqarishda qo’llash ishlari belgilangan tartibda tasdiqlangan me’yoriy-texnik hujjatlar (standartlar, qoidalar, me’yorlar, instruktsiyalar) asosida amalga oshiriladi. Tashkiliy tadbirlar: ishchilarga xavfsiz va zararsiz ish usullari to’g’risida yo’l-yo’riqlar berish, ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat gigienasi asoslarini o’rgatish; mehnat qilish va dam olish qonunqoidalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga tatbiq qilish. Texnik tadbirlar ma’lum me’yorlar va qoidalarga asoslanadi. Bunda insonning ruhiy, anatomik, fiziologik xususiyatlari hisobga olinadi. Masalan, mashinaning boshqarish organlarini inson uchun qulay yerga joylashtirish, ish vaqtida zararli chang, gaz chiqmasligini ta’minlash zarur, xavfli ta’sirlardan himoya qilish uchun to’siqlar qilinadi, ogohlantiruvchi belgilar va plakatlar osib qo’yiladi. Ko’pincha ishlayotgan mashinalarning uzellari bilan bog’liq qurilmalar (elektron qurilmalar, fotoelement, avtomatik saqlagich) dan foydalaniladi. Bularga saqlagich klapanlari, vklyuchatellar, eruvchan saqlagichlar, shtiftlar va boshqalar kiradi. Xavfli, zararli ishlarni bajarishda jarayonlarni uzokdan turib boshqarish usuli yaxshi samara beradi. Himoya qilishda Signalizatsiyadan foydalaniladi. Jihozlarni yurgizib yuborishdan oldin ularning ishi tekshiriladi hamda sinaladi. Juda xavfli jihozlar (bosim ostida ishlaydigan idishlar, yuk ko’tarish mashinalari) davlat inspektsiyasi nazorati ostida bo’ladi, namlik, temperatura, havoning tozaligi, shovqinlar, nurlanish ta’siri va boshqalar doimo nazorat qilinadi. Ishlab chiqarishning muayyan sohalarida ishlaydigan kishilar qoidalarga muvofiq shaxsiy himoya vositalari (kiyimbosh, poyabzal, ehtiyot belbog’i, ko’zoynak va boshqalar)dan foydalanadi. Har bir korxonada Xavfsizlik texnikasi uchun ma’muriyat javobgar hisoblanadi. O’zbekistonda Xavfsizlik texnikasi nuqtai nazaridan eng xavfli va ma’suliyatli korxonalar — paxtani dastlabki ishlash zavodlari, to’qimachilik korxonalari, teri oshlash korxonalari va boshqalar hisoblanadi, chunki bu korxonalarda presslar ishlatiladi, zararli chang va gazlar ajraladi va boshqalar. Shu tufayli mehnat xavfsizligi standartlariga qat’iy amal qilish talab qilinadi. Xavfsizlik texnikasi texnika taraqqiyoti, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va kompleks mexanizasiyalash bilan uzviy bog’liq bo’ladi.