Xitoy yozuvi

Xitoy yozuvi — so’z va morfemalarni yozishda maxsus belgilar — Ierogliflar qo’llanadigan yozuv. Xitoy yozuvida Ierogliflar shakli turli kombinatsiyalarda takrorlanuvchi 1 dan 36 tagacha bo’lgan standart chiziqlardan tashkil topadi. Ierogliflar ma’lum yozuv qoidalariga qat’iy amal qilgan holda muayyan tartibda (chapdan o’ngga, yuqoridan pastga) yoziladi. Eng qadimgi piktogrammaierogliflar miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalariga mansub. Xitoy yozuvi tarixida ierogliflarning 7 xil — gu Ven (qadimgi yozuv), da Juan (katta belgili yozuv), Syao Juan (kichik belgili yozuv), li shu (rasmiy yozuv), Sing shu (yarim tez yozuv), Tsao shu (tez yozuv), Kay shu (namunali yozuv) kabi yozilish uslublari bo’lib, ular 4-5 ming yil davomida biri birining o’rnini egallagan holda shaklan o’zgarib, takomillashib borgan. Hozirgi paytda milodiy 1-2-asrlarda ishlab chiqilgan «Kay shu» husnixat turidan keng foydalanilmoqda. Xitoy yozuvida ierogliflarning umumiy soni 60 mingdan ko’pgroq bo’lib, shulardan taxminan 96 foizi murakkab (ikki va undan ortiq qism — chiziqdan tuzilgan) va 4 foizi sodda (faqat bir qismdan iborat) ierogliflar hisoblanadi. Hozirgi Xitoy tilida taxminan 8-10 ming ieroglif qo’llanadi. Xitoy an’analarida ierogliflarning 6 turkumi farqlanib, ular 3 guruhga ajratiladi: 1) piktogrammalar va ideogrammalar — 1500 atrofida bo’lib, ular eng qad. sodda belgilar, shuningdek, mavhumroq ma’nolarni ifodalovchi aralash belgilardan iborat; 2) fonogrammalar (ierogliflarning ko’pchiligi) — so’z yoki morfemaning ma’nosiga ishora qiluvchi ochqich (kalit)lardan iborat murakkab belgilar hamda belgining aniq yoki taxminan talaffuzini ko’rsatuvchi fonetik belgilardir. Ochqichlar har doim sodda belgilar ko’rinishida, fonetik belgilar esa sodda va murakkab holatda bo’ladi. Xitoy lug’atlarida ierogliflar odatda ochqichlar bo’yicha joylashtiriladi; 3) «o’zlashma» ierogliflar — dastlab muayyan so’zlarni yozish uchun yaratilgan, keyinchalik boshqa, mavhum ma’noli so’zlarni yozish uchun qo’llangan turli ko’rinishdagi belgilar. Ayni bir ieroglif ma’nosi bir xil bo’lsada, turli laxjalarda fonetik jihatdan farqlanuvchi so’zlarni, shuningdek, qadimgi va hozirgi tilda talaffuz jihatdan anchagina farq qiluvchi so’zlarni yozish uchun qo’llanadi. Xitoy yozuvi dastlab Yaponiya, Koreya va Vetnam xalqlari tomonidan muayyan miqdordagi xitoycha so’zlar bilan o’zlashtiriladi. 20-asr o’rtalarida ierogliflardan faqat Yaponiya va Janubiy Koreyada (yapon bo’g’inli yozuvi va koreys alifbosi bilan qo’shilgan holda) foydalana boshlandi. Bugungi kunda Janubiy Koreyada ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanib, keng iste’mol uchun qabul qilingan 2000 ta ieroglifdan foydalanilmoqda. 1958 yil Fevralda XXRning Xitoy ierogliflarini isloh qilish qo’mitasi tomonidan ierogliflarning talaffuzi uchun lotin grafikasi asosida 26 harfdan iborat transkripsion alifbo qabul qilindi. Ushbu alifbo hozirgi kunda jamiyatning barcha sohalarida keng qo’llanmoqda. Xitoy yozuvini isloh qilish va alifboli yozuvga o’tish lahjalarning ko’pligi va tarqoqligi, madaniy meros va til muammolari sababli katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 1956 yildan XXR da ierogliflarni grafik jihatdan soddalashtirish ishlari olib borilmoqda. Ad.: Istrin V.A., Vozniknovenie i razvitie Pisma, M., 1965; Fridrix I., Istoriya Pisma, Per. s nem., M., 1979; Mahmutxo’jaev M. H., Bekmurotov I. N ., Xitoy yozuvi (ierogliflari) haqida, T., 1990. Ismat Bekmurotov.