Chor hukumati Xiva xonligini bosib olish uchun katta tayyorgarlik ko’rdi. Vaholanki, Xiva xonligida 1869 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, bir yarim ming kishidan iborat muntazam armiya bo’lib, harbiy texnikasi nihoyatda past darajada edi. Shunga qaramay, chor hukumati xonlikka qarshi uch tarafdan, ya’ni Turkiston general-gubernatorligi, Orenburg va Kaspiy dengizi tomonidan o’z harbiy kuchlarini tashlaydi. Qo’shini yaxshi qurollangan 12 ming kishidan iborat edi. Hatto qo’shinga imperator xonadonidan buyuk knyaz Konstantin Konstantinovich Romanovskiy va knyaz Yevgeniy Maksimilyanovich Romanovskiy ham qo’shildi. Aftidan, bu bilan harbiy yurish mavqeini yanada oshirish mo’ljallangan bo’lsa kerak. Qo’shinga general K. P. Kaufman umumiy qo’mondonlik qiladi. Chor qo’shinlari uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tib, Xiva xonligi chegarasiga yetib keladilar. 1873 yilning may oyida yo’lma-yo’l xivaliklar qarshiligini yengib borgan chor istilochilar 28 mayda Xiva shahri ostonasiga kelib to’xtaydilar. Bu vaqtda Said Muhammad Rahimxon qochishga ulgurgan. Qo’shin general Veryovkin boshchiligida Xiva shahriga hujum boshlaydi. Pirovardida urush to’xtatiladi va general K.P.Kaufman Said Muhammad Rahimxon Xivaga kelib Rus davlatining vassal sifatida o’z taxtini egallaydi. 1873 yil 12 avgustda o’zaro sulh tuzilib, Xiva xonligi o’z siyosiy mustaqilligini yo’qotadi. Shuningdek tovon to’lashni va Rossiya savdogarlari xonlikda bemalol ish yuritishi uchun sharoit yaratib berishni bo’yniga oladi. Amudaryoning o’ng qirg’og’i Rossiya ixtiyoriga o’tkazilib, u yerda general gubernatorlikning Amudaryo bo’limi tashkil etiladi. Shunday qilib, Buxoro va Xiva xonliklari o’z mustaqilliklarini qo’ldan boy berib, Rossiya tarkibiga kiradi. Garchand xonlik saqlanib qolgan bo’lsada, ular Rus davlati manfaatlari doirasida ish yuritganlar. Chor hukumati minglab kishilarning yostig’ini quritgani va nogiron qilgani yetmagandek, urush harakatlarini undirish uchun Buxoro xonligini 500 ming so’m, Xiva xonligini esa 2 million 200 ming so’m tovon to’lashga majbur etadi. Bu og’ir jarima mehnatkash ommaning mushkul hayotini yanada og’irlashtiradi.