Xohish

Xohish (psixologiyada) — muayyan harakatni bajarishga intilish haqidagi tasavvur va shu yo’ldagi kechinma. Harakatning amalga oshuvi Xohishning qondirilishini ifodalaydi. Etika va ijtimoiy psixologiyada Xohish intilish, aniqrog’i, biror maqsad, ideal, orzuga erishish impulsi sifatida qaraladi. Xohish — shaxs xulqi va faoliyatini belgilovchi muhim psixik holatlardan biri; u bu holatlarning motivlari va irodaviy tomonini ifodalaydi. Shuning uchun Xohish psixologiyada faqat mayl yoki faoliyat ob’ektiga intilish sifatida emas, balki bu faoliyatni amalga oshirishni xohlash va niyat kilish sifatida ham bayon qilinadi. Xohishning rivojlanishi uni qoniqtirish usul va sharoitlari, Xohishning barqarorligi, uzoq saqlanishi va kuchi bilan belgilanadi. Shunga qarab Xohish bajarilishi mumkin bo’lgan, noreal, ziddiyatli, bema’ni, maqsadli va boshqa turga bo’linadi. Xohish insonning qiziqishi va e’tiqodi bilan birga o’z faoliyatiga ongli munosabatda bo’lishini ham ifodalaydi.