Xo’jaipok

Xo’jaipok — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi daryo, Surxondaryoning o’ng irmog’i. Boysuntog’ning sharqidagi Xo’jabuzborak tog’dan 3360 metr balandlikdan boshlanadi. Uzunligi 91 kilometr, havzasining maydoni 765 kilometr kvadrat, o’rtacha balandligi 695 metr. Yillik o’rtacha suv sarfi 16,8 m3/ sekunddan (ko’p suvli 1969 yilda) 2,49 m3/sekundgacha (kam suvli 2001 yilda) o’zgaradi. Qor va yomg’irdan to’yinadi. Daryoning gidroenergiya zaxirasi 1 mlrd. kVt/soat. Xo’jaipokdan ekinzorlarni sug’orishda foydalaniladi. Qayroq, Duoba, Diybola, Qo’rg’oncha, Oqsuv, Fangart qishloqlaridan oqib o’tadi. Xo’jaipokning turli qismlari qaysi qishloq yonidan o’tishiga qarab Xalqajar, Qizilsuv, Xo’jabuzborak, Qo’rg’onchasoy, Tentaksoy deb yuritiladi.