Xrizantema
Xrizantema (Chrysanthenum) murakkabguldoshlar oilasiga mansub, bir va ko’p yillik o’t o’simliklar turkumi; manzarali ekin. Vatani—Yevropa. 200 ga yaqin turi Hindiston va Afrikada tarqalgan. Hind Xrizantemasi (C.indicum) G’arbiy Yevropa, Yaponiya, AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlar sanoat gulchiligida muhim ahamiyatga ega. Xrizantemaning mayda gulli va yirik gulli navlari issikxonalarda o’stiriladi. Mayda gulli Xrizantemaning balandligi 50-60 santimetr, yon shoxlar soni ko’p, har bir shox gul bilan tugaydi. Gullari oq, qizil, och binafsha va hokazolar. Yirik guli Xrizantemaning balandligi 50-70 santimetr, 1 yoki 2 shoxli, gullari yirik, murakkab tupgulli, diametri 6-8 santimetr. Yirik gulli Xrizantema aksariyat uy sharoitida o’stiriladi. Xrizantema to’pgulining chiroyliligi, uzoq muddat gullay olishi tufayli uning bir yillik turlari gulchilikda ekiladi. Xrizantema urug’idan va 8-10 santimetr uzunlikdagi qalamchasidan ko’paytiriladi. May oyida tup oralig’i 40-60 santimetr qoldirib ekiladi. Iyun oyida yon shoxlar chilpib shakl beriladi. Oktabr noyabrda gullaydi. O’zbekistonda Xrizantemaning O’zbekiston tuyonasi, Toshkent tuyonasi va boshqa navlari chiqarilgan.