Xudoybergan Devonov (1878-1940)
Xudoybergan Devonov (1878, Xiva — 1940, Toshkent) — birinchi o‘zbek kinooperatori. 1907—08 yillar Moskva, Peterburgdan teleskop, grammofon, foto va kino asboblari olib kelib fotolaboratoriya tashkil etgan. Bu laboratoriya Xorazmda fotokinostudiya vazifasini o‘tagan.
Xudoybergan Devonov ijodi rus kinosan’atkorlari faoliyati bilan deyarli bir vaqtda boshlangan. U «O‘rta Osiyo me’moriy yodgorliklari», «Turkiston ko‘rinishlari», «Xiva va xivaliklar» kabi qisqa filmlarni ishlagan. O‘z filmlarida vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan. Xorazm xalqi urf-odatlari ifodalangan mingga yaqin fotosurat yaratdi.
XXSR davrida maktab, internatlar ochib, unda foto-kino ishlarini olib bordi. «Uzbekistanskaya pravda» («O‘zbekistan haqiqati»), «Inqilob quyoshi» gazetalarida fotomuxbirlik qilib, Xorazm dalalarida birinchi traktorning paydo bo‘lishi, dehqonlarga yer taqsimlanishi va ommaviy yig‘ilishlarga oid ko‘p fotosurat va kinolavhalar yaratdi.
O‘zbek kinostudiyasi tashkil etilgach (1925), Xudoybergan Devonovga Xorazmda kino ishlarini olib borish topshirildi. Keyinroq «Sovkino»ning muxbiri etib tayinlandi va Moskvaga «Sho‘r ko‘l», «Ishchi ayollar» singari syujet va lavhalarini yuborib turdi. Xudoybergan Devonov suratga olgan kinolentalarning ko‘pi haligacha topilgani yo‘q. Urganch shahridagi kinoteatr, Xiva shahridagi Xudoybergan Devonov yashagan ko‘cha uning nomi bilan yuritiladi.