YELES

YELES — Rossiya Federatsiyasi Lipesk viloyatidagi shahar, sosna daryosi (donning irmog’i) sohilida. Temir yo’l tuguni. Aholisi 117,7 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Mashinasozlik va metallsozlik (mashinasozlik, traktor gidroagregatlari, tibbiy asbob-uskunalari zavodlari), shakarqand, pivo, ko’n zavodlari, tamaki fabrikasi, pedagogika instituti, o’lkashunoslik muzeyi bor. Yeles tur (krujeva) ishlab chiqarish bilan mashhur. Yeles solnomalarda 12-asrdan tilga olingan. 13-15-asrlarda mo’g’ullar tasarrufida bo’lgan. 1395 yil Amir Temur ko’p mingli qo’shin bilan Oltin O’rda xoni To’xtamishni va uning jangdan keyin to’zib ketgan qo’shinini ta’qib qilib Yelesgacha borgan va u yerda ikki hafta turib qo’shinlariga dam bergan. Amir Temur lashkarining Moskvaga yaqinlashib borishi rus knyazlarini, ayniqsa Moskva aholisini nihoyatda vahimaga solgan. Ular Amir Temurga qarshi kurashish u yoqda tursin, hatto mudofaaga o’tish ham befoyda degan xulosaga kelganlar. Chor atrof o’rmon va botqoqli yerlarni kurgan Sohibqiron amirlar mashvaratidan keyin 26 avgust (8 sentabr) da shaharchani tashlab, qo’shinlarni Samarqandga qaytishga farmon bergan.