YELKA

YELKA, kift — qo’lning boshlanish qismi; uning asosini yelka skeleti tashkil etadi. U tashqi tomondan qo’lning erkin (osilib turgan) qismiga o’tsa, ichki tomondan umurtqa pog’onasiga taqaladi. Yelka kamari suyaklari (kurak suyagining yelka o’sig’i bilan o’mrov suyagi) boylamlar bilan o’zaro birlashib muskullar, teri osti yog’qavati, teri bilan qoplangan. Yelka muskullari oldindagi — bukuvchi va orqadagi yozuvchi muskullardan tuzilgan. Yelka qo’ltiq va yelka arteriyasidan qon oladi. Terisiga yelka chigalidan, bukuvchi muskullarga muskul-teri nervidan, yozuvchi muskullarga bilak nervidan tolalar keladi. Yelkaning shakllanishi, keng yoki tor bo’lishi uni qoplab turgan deltasimon muskul qolatiga bog’liq. Jismoniy mehnat, sport bilan shug’ullangan odamlarda kift rivojlangan, keng, zabardast bo’ladi. Ayollar yelkasi bir oz noziqroq tuzilgan.