YENISEY
YENISEY — Osiyodagi daryo. Biyxem (Katta Yenisey) va ka-Xem (kichik Yenisey) daryolarning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Yuqori oqimi (yoki ulug’-Xem) Tuva soyligi bo’ylab oqib, so’ng G’arbiy Sayan tog’ sistemasini kesib o’tadi va G’arbiy Sibir chegarasi bo’ylab oqadi, Kara dengizining Yenisey qo’ltig’iga quyiladi. Uzunligi 3487 kilometr (ka-Xem daryosi boshidan 4092 kilometr), havzasining maydoni 2580 ming kilometr kvadrat. Yenisey, asosan, qor va yomg’irdan to’yinadi. Toshqin davri daryoning yuqori qismida aprel oxirlaridan sentabrgacha, quyi qismida esa may o’rtalaridan avgustgacha davom etadi. Yenisey Rossiya Federatsiyasining eng sersuv daryosi. O’rtacha yillik suv sarfi 19800 metr kub/ sekund. Quyi qismi oktabrdan iyungacha, yuqori qismi noyabrdan maygacha muzlab yotadi. Yeniseyning gidroenergiya zapasi katta. Daryoda Krasnoyarsk GES, Sayan-Shushensk GES qurilgan. Yeniseyning transport ahamiyati katta. Sayanogorskdan muntazam kema qatnaydi; dengiz kemalari daryoning quyilish joyidan Igarka shahrigacha kirib boradi. Baliq ovlanadi (asosan quyi oqimida). Yenisey bo’yida Minusinsk, Krasnoyarsk, Yeniseysk, Igarka, Dudinka va boshqa shaharlar joylashgan. Yeniseyning irmoqlari: Angara, Toshloq Tunguska.