YEVROPA JANUBIY RASADXONASI
YEVROPA JANUBIY RASADXONASI (ejr) — Yevropa xalqaro astronomiya ilmiy tadqiqot tashkiloti. 1962 yilda 8 davlat — Belgiya, Daniya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Gollandiya, Shvetsiya va Shveytsariya hamkorlikda tashkil etgan. Qarorgohi Germaniyaning Garshing shahrida joylashgan. Zamonaviy teleskoplarni o’rnatish uchun dunyo bo’ylab astroiklimni o’rganish natijasida Chilidagi La Silla tog’ida (2440 metr) joy topilib, u yerga ejr teleskoplari o’rnatilgan. La Sillaga o’rnatilgan eng zamonaviy 14 ta teleskop ichida ko’zgusining diametri 3,6 metr bo’lgan teleskop ham bor. Bu yerdagi ko’pgina teleskoplar kosmik yo’ldosh aloqasi orqali Germaniyadan turib boshqariladi. Izlanishlar natijasida Chilida yana bir joy Paranal tog’ida (2660 metr) topildi. Bu yerga 1990 yildan boshlab ko’zgusining diametri 8,2 metr bo’lgan 4 ta teleskop o’rnatilayapti. Loyihaga muvofiq bu teleskoplarda to’plangan yorug’lik bir nuqtaga yig’iladi, o’shanda bu sistema yorug’lik kuchi jihatdan 16 metr diametrli ko’zguning kuchini, ajrata olish qobiliyati bo’yicha esa 200 metrli teleskop kuchini beradi.