YEVROPA — KAVKAZ – OSIYO TRANSPORT YO’LAGI
YEVROPA — KAVKAZ – OSIYO TRANSPORT YO’LAGI, TRACECA — Yevropani Kavkaz orqali Osiyo bilan bog’laydigan avtomobil va temir yo’llari majmui. Dastlab Bryusselda 1993 yil may oyida O’rta Osiyo respublikalari, Qozog’iston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya davlatlarining savdo va transport vazirlari ishtirokida o’tkazilgan konferentsiyada bu yo’lakni qurish dasturi qabul qilingan. Konferentsiyada Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalanadigan G’arb-Sharq yo’nalishida Yevropadan qora dengizni kesib o’tib, Kavkaz, Kaspiy dengizi orqali O’rta Osiyo va undan Xitoyga chiqadigan transport yo’lagini qurish bo’yicha texnikaviy hamkorlik haqida bitam imzolandi. Dasturni amalga oshirish maqsadlari Markaziy Osiyo va Zakavkaze respublikalarining Yevropa va jahon bozorlariga muqobil transport yo’laklari orqali chiqishiga imkoniyat yaratish bilan ularning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qo’llab-quvvatlash; bu respublikalar o’rtasida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko’maklashish; bu yo’lakni Transevropa tarmoqlari (TENs) bilan bog’lash va boshqalardan iborat; Yevropa — Kavkaz — Osiyo transport yo’lagi Markaziy Osiyodan yuklarni jahon bozorlariga xizmat ko’rsatadigan yirik tonnajli dengiz kemalariga etkazib berish uchun eng qisqa va eng arzon yo’ldir. 2000 yilga qadar texnikaviy hamkorlikning 28 tadqiqoti (37 million yevro) va infratuzilmalarni tiklash bo’yicha 10 investitsiya loyihasi (48 million yevro) mablag’ bilan ta’minlandi. Yo’lakni barpo qilishda yirik xalqaro moliyaviy muassasalar ishtirok etadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yo’nalish bo’yicha portlar, temir yo’llar va avtomobil yo’llari kapital loyihalari (umumiy miqdori 250 million AQSh dollari), Jahon banki Armaniston va Gruziyadagi avtomobil yo’llari bo’yicha kapital loyihalarini (40 million AQSh dollari) va Osiyo taraqqiyot banki avtomobil va temir yo’llarni takomillashtirishni moliyalash majburiyatini olgan. Yevropa Ittifoqidagi xususiy investorlar Markaziy Osiyo va Kavkazdagi transport kompaniyalari bilan qo’shma korxonalar tashkil qilgan. Yevropa — Kavkaz — Osiyo transport yo’lagining umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan ortiq. Uning 677 kilometr (Olot — Buxoro — Navoiy — Samarqand — Jizzax — Toshkent — G’ishtko’prik yo’nalishi) O’zbekiston hududidan o’tadi. Tohirjon Mirzayev.