YEVROPA-OSIYO TRANSKONTINENTAL AVTOMAGISTRALI
YEVROPA-OSIYO TRANSKONTINENTAL AVTOMAGISTRALI — Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiya orqali G’arbiy Yevropa mamlakatlari bilan bog’laydigan avtomagistral. Jahondagi eng yirik avtomagistrallardan biri. Rotterdam (Gollandiya) — Shanxay (Xitoy) portlarini bog’laydi. Umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan ortiq. Avtomagistralining O’zbekiston hududidan o’tadigan qismi — Andijon — Toshkent — Nukus — Qo’ng’irot trassasi umumiy uzunligi 1422 kilometr, barcha kirish yo’llarining uzunligi 500 kilometr bo’lib, Farg’ona vodiysi viloyatlaridan boshlanib, so’ngra Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari, Qizilqum orqali Xorazm viloyati hududidan o’tib, Qoraqalpog’iston Respublikasining poytaxti Nukusga chiqadi. Trassa Afg’oniston va Turkmaniston yo’nalishidagi xalqaro trassalarni ham kesib o’tadi. Trassani loyihalash ishlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 18 avgi\ust qarori asosida 1999-2000 yillarda amalga oshirildi. Loyihalashtirishning subpudrat shartnomalarida ilg’or xorijiy davlatlarning loyihalash institutlari ham ishtirok etgan. Loyihalash yechimlari jahon standartlari darajasida qabul qilinib, qurilgan yangi trassa avtotransport vositalarining katta tezlikdagi harakatni ta’minlovchi O’zbekiston milliy magistraliga aylanadi. Trassa avtotransport vositalarining katta tezlikdagi harakatini ta’minlaydi va mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Trassaning qurilishi bilan yaqin kelajakda yo’l atrofi cho’l hududlarini o’zlashtirishga yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi, sanoatni bir tekisda joylashtirish, aholini zich joylashgan hududlardan tarqoq joylashgan hududlarga ko’chirish va respublika hududlarining bir tekis rivojlanishi ta’minlanadi. Tohirjon Mirzayev.