YILLIK HALQA

YILLIK HALQA, yillik qavatlar — 1) o’simliklarda ksilema (yog’och) ning o’sish zonalari; yoz-qishning almashinishiga karab, kambiy faoliyatining o’zgarishi natijasida vujudga keladi. Daraxtlarning poyasi, shoxi va ildizini ko’ndalangiga kesib Yillik halqani ko’rish mumkin. Vegetatsiya davrining boshida hosil bo’lgan ksilema tuzilishi, rangi, yaltiroqligi, o’lchami va boshqa mexanik xossalari bilan vegetatsiya davrining 2-yarmida hosil bo’lgan ksilemadan farq qiladi. O’simlikning ildiz bo’g’zini arralab va kesilgan joyidagi Yillik halqalar soniga qarab, daraxt yoshini aniqlash mumkin: 2) hayvonlarda — ba’zi to’qimalarda har yili rivojlanib, uzoq saqlanadigan (individning yoshini aniqlashga yordam beradigan) hosilalar. Yillik halqa — uzoq vaqt rivojlangan va muhim o’zgarishlarga uchramagan skelet tuzilmalarida hosil bo’ladi. Masalan, Yillik halqa baliq tangachalarida, mollyuska chig’anoqlarida va sudralib yuruvchilar kalla suyagining yassi qismida, tirnoqlarda bo’ladi. Yillik halqa soniga qarab, individning yoshi, u yo bu darajada kengligiga qarab, o’sish sur’ati aniqlanadi.