YIRTQICHLAR

YIRTQICHLAR, etxo’r hayvonlar (Carnivora) — sut emizuvchilarning bir turkumi. Kattaligi har xil. Tanasining uzunligi 20 santimetrdan (latcha) 3 metrgacha (oq ayiq). Og’irligi 0,1—700 kilogramm. Bu turkumga, asosan, yirtqich hayvonlar kiradi. Qoziq tishi katta, oziq tishlari o’tkir. Kurak tishlari kichik va yaxshi rivojlanmagan. Yuqori jag’idagi oxirgi soxta va birinchi chin oziq tishlarining ko’rinishi o’zgarib, yirtqich tishga aylangan. Yirtqichlarning tirnoqlari yaxshi taraqqiy etgan va o’tkir. Ba’zilarining tirnoqlari ichkariga botib kirgan. Ko’rish, eshitish va hidlash organlari yaxshi rivojlangan. Oshqozoni oddiy, ko’richagi qisqa yoki mutlaqo yo’q. 7 ta; mushuksimonlar, viverrasimonlar, susarsimonlar, sirtlonsimonlar, itsimonlar, ayiqsimonlar va enotsimonlar oilalariga bo’linadi. Yirtqichlar Avstraliya va Polineziyadan tashqari hamma yerda keng tarqalgan. O’zbekistonda 6 oilaga mansub 25 tacha turi uchraydi. Yirtqichlar zararkunanda kemiruvchilar sonini cheklovchi hamda tabiatda kasal va nimjon xayvonlar sonini kamaytiruvchi tabiiy sanitarlar sifatida ahamiyatga ega.