YOPIQ SUG’ORISH TIZIMI

YOPIQ SUG’ORISH TIZIMI sug’oriladigan maydonlarga suv uzatadigan quvurlar tarmog’i. Quvurlar 0,6—1,5 metr chuqurlikda (quvur ustigacha) yoki yer yuzasiga yotqiziladi. Yer osti quvurlari o’tirmaydigan va ko’pchimaydigan qumlik, shag’al va shu kabi mustahkam gruntlarga yotqiziladi. Suv tekkanda o’tiradigan gruntlarda avval transheya qazib suv quyiladi, ko’pchiydigan gruntlarda esa quvur tagiga 20 santimetrdan kam bo’lmagan qalinlikda qum solinadi. Yopiq sug’orish tizimi uchun asbestsement, temirbeton, polietilen, metall va shu kabi quvurlardan foydalaniladi. Suv uzatish usuli bo’yicha Yopiq sug’orish tizimi bosimli (suv nasos yordamida beriladi) va o’zioqar bosimli (joyning tabiiy nishabi hisobiga bosim hosil bo’ladi) sug’orish shoxobchalariga bo’linadi, odatda, bunga nishablik 0,025 dan yuqori bo’lgan joylarda erishiladi. Quvurlardagi suvning minimal oqim tezligi loyqa cho’kindilarni oqizib ketishni, maksimal tezligi esa sug’orish to’xtatilgandan so’ng quvurlarni cho’kindilardan yuvib, chiqarib tashlashni ta’minlashi lozim. Bosimli Yopiq sug’orish tizimining asosiy elementlari: suv manbai (daryo, kanal, suv ombori, yer osti suvlari va boshqalar); nasos stansiyasi, suv tarqatgich quvurlar tarmog’i; yomg’irlatish va sug’orish mashinalari; ko’chma yoki ko’chmas suv quyish quvurlari; quvurlar yo’lidagi inshootlar va ochib berkitadigan qurilmalar; suv tashlama va oqova kanallari. O’zioqar bosimli Yopiq sug’orish tizimi bosimli shoxobchadan faqat nasos stansiyasining yo’qligi bilan farq qiladi. Yopiq sug’orish tizimi konstruktsiyasi bo’yicha ko’chmas, yarim ko’chma va ko’chma bo’ladi. Ko’chmas tizimlarda suv bosim ostida doimiy gidrantlar o’rnatilgan suv quvurlarga beriladi, ular orqali esa ko’chmas sug’orish mashinalari yoki boshqa sug’orish qurilmalariga oqib keladi. Yarim ko’chma Yopiq sug’orish tizimida suv yomg’irlatish qurilmalari yoki suvni tuproq ichidan tomchilab yoki egatlarga oqizib beradigan jo’mraklarga doimiy yer osti va ko’chma yer usti suv quvurlaridan beriladi. Ko’chma quvurli sug’orish tarmog’i yer yuzasiga yotqiziladigan yig’ma suv quvurdan iborat; uni osongina bo’laklarga ajratib, boshqa joyga ko’chirish mumkin. Sug’orma dehqonchilik zonasida o’zioqarbosimli sug’orish shoxobchalari eng ko’p qurilgan. Masalan, Mirzacho’lda 65 ming gektar, Dalvarzin cho’lida 35 ming gektardan ko’proq yer shu usulda sug’oriladi (2001). Yopiq sug’orish tizimi sug’orma dehqonchilikni kompleks mexanizatsiyalash talablariga to’la javob beradi, unumdor sug’orish texnikasini qo’llashga imkon yaratadi; Yopiq sug’orish tizimida yerdan foydalanish koeffitsienti 0,92—0,98 ga teng. Sharif Hamdamov, Nikolai Soloxin.