YO’QLOV

YO’QLOV, jo’qlov, yo’qlandi — qarindosh-urug’, do’st-tanishlarning ma’lum munosabat bilan hol-ahvol so’rash, qutlash uchun bir-birinikiga borish odati. Yo’qlov kishilarni qadr-oqibatga o’rgatadigan milliy an’anadir. Yo’qlovning ba’zi xillari: kelinni yo’qlash — qiz uzatilgach, 7-8 kun o’tgandan so’ng uning opa-singil, kelinoyilari maxsus dasturxon tayyorlab, kelinni yo’qlaydilar. Farzand ko’rgan ayolni y.da maxsus tayyorlangan dasturxon ustiga kiyimlik, chaqaloqqa kiyim-kechak qo’yib boriladi. Safardan qaytganni y.da haj, uzoq savdo safaridan, armiya, o’qish, kurort yoki sayohatdan qaytib kelgan kishini yo’klab boriladi. Yo’qlovning turlaridan biri bemorni kasalxonaga yoki uyga borib yo’qlashdir. Yo’qlov bilan borganlar aziz mehmonlar sifatida kutiladi, ziyofat bilan kuzatiladi (bemorni Yo’qlov bundan mustasno). O’zbekistonning ayrim tumanlarida, asosan, chorvachilik bilan shug’ullanib kelgan ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi aholi o’rtasida vafot etganlarni eslab yig’lash (jo’qlov) saqlanib qolgan. Yo’qlovda vafot etgan odamning qarindosh-urug’lari qayerda yashamasin, o’lim xabarini eshitgach, jonliq (qo’y, echki) olib, musibatxonani yo’klab eshikdan aza to’rtliklarini aytib, yig’lab kiradi. Ba’zi joylarda yigit o’lgan bo’lsa, ot yasatiladi, marhumning kiyimlari ot ustiga qo’yilib, ayollar uning atrofida yig’lab, marhumni yo’qlaydilar. Marhumga qilinadigan Yo’qlovlarning O’rta Osiyo iqlim sharoitiga moslashtirilganlari ham ko’p. Masalan, laylak kelganda, birinchi qor yoqqanda (Qoryog’di), o’rik gullaganda, gullar ochilganda, tut pishig’ida, qovun-uzum pishig’ida va boshqa vaqtlarda ham marhumni eslab turish odat bo’lgan. Bu odatlarning aksariyati islomgacha bo’lgan e’tiqodlarning qoldiqlaridir.