YOSH SAYYOHLAR VA O’LKASHUNOSLAR MARKAZI
YOSH SAYYOHLAR VA O’LKASHUNOSLAR MARKAZI — O’zbekistonda xalq ta’limi tizimida o’quvchi yoshlarga to’garak, klub, sayyohlik guruhlari orqali qo’shimcha ta’lim-tarbiya beruvchi bolalar muassasasi. O’quvchi yoshlarning qiziqishlari, intilishlari, iqtidorlariga mos to’garak ishlariga jalb etadi, ularning bo’sh vaqtlarini mazmunli va foydali o’tkazishni uyushtiradi, bolalar iste’dodlarini aniqlash, uni to’g’ri tarbiyalash orqali kasb-hunar tanlashlariga yordam beradi. Markaz ekskursiya, sayohat, safar, ekspeditsiya, sayyohlik yurishlari uyushtirib, ular orqali o’quvchi yoshlar dunyoqarashini boyitadi, bilim doiralarini kengaytiradi va mustahkamlaydi, jismonan baquvvat, har tomonlama barkamol inson qilib etishtiradi, tabiat bilan to’g’ri munosabatda bo’lishga o’rgatadi, sportchi-alpinistlar, qutqaruv xizmati mutaxassislari, o’qituvchi-tarbiyachi kabi kasb asoslarini beradi. O’zbekistonda dastlabki Yosh sayyohlar va o’lkashunoslik markazi Bolalar sayyohlik bazasi nomi bilan 1936 yilda tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli Respublika Yosh sayyohlar va o’lkashunoslik markazi Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi 43 ta Yosh sayyohlar va o’lkashunoslik markazi faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda ularga metodik yordam ko’rsatadi. O’zbekistondagi Yosh sayyohlar va o’lkashunoslik markazida to’garaklar yo’nalishlari soni 22 ta bo’lib, ularda yiliga o’rtacha 80 ming o’quvchi shug’ullanadi, 285 ming o’quvchi turli ekskursiya, ekspeditsiya, sayyohlik yurishlarida ishtirok etadi (2001).