YUK AYLANMASI
YUK AYLANMASI — transport ishining asosiy iktisodiy ko’rsatkichlaridan biri, muayyan davrda tashilgan yuklar og’irligi (hajmi) ni tashilgan masofaga ko’paytmasidan iborat. Netto tkm (dengiz transportida tonnamil, 1 mil — 1,852 kilometr) bilan o’lchanadi. Mamlakat miqyosida yuk aylanmasi ko’rsatkichlari har bir transport turi bo’yicha alohida hisoblanadi. Yuk aylanmasi muddatlariga ko’ra, sutkalik, oylik, choraklik, yarim yillik va bir yillik qilib hisobga olinadi. Choraklik Yuk aylanmasi, odatda, notekis bo’lib, unga ba’zi yuklarni tashishning mavsumiyligi va boshqalar ta’sir qiladi. Shuningdek, Yuk aylanmasi transport vositalarining yuk ko’tarish, olib yurish qobiliyati, undan foydalanish usuli, o’rtacha ish vaqti, qatnash masofasi, ortishtushirish ishlarining mexanizasiyalashgani va boshqalarga ham bog’liq. O’zbekistonda jami transport turlarida Yuk aylanmasi 63,3 milliard tkm ni, shu jumladan, temir yo’l transportida 19,1; avtomobil transportida 9,6; quvur transportida 34,6 milliard tkm ni, havo transportida 95,3 ming tkmni (2003), suv transportida 0,3 million tkm (2002) ni tashkil etdi. Sadir Salimov.