YUNESKO

YUNESKO — Birlashgan Millatlar tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi tashkiloti — xalqaro hukumatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi. Davlatlar o’rtasida maorif, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish yo’li bilan tinchlikka va xalqaro xavfsizlikka ko’maklashish maqsadida 1946-yil tuzilgan. 188 mamlakat (shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi 1993-yil 26-oktabrdan) a‘zo. YUNESKO Ustaviga ko’ra, ―… irqi, jinsi tili va dinidan qat’i nazar, barcha xalqlar uchun adolatga, qonuniylikka, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmatni ta’minlash maqsadida ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish orqali xalqlar hamkorligiga‖ ko’maklashish tashkilotning ustuvor vazifasidir. 400 ga yaqin xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamg’armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi. YUNESKO budjeti a‘zo mamlakatlar badallaridan tashkil topadi. Tashkilot faoliyatining asosiy yo’nalishlari yalpi savodsizlikka qarshi kurash, maorif tizimi va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni o’rganish va tarqatish, atrof-muhitni va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, okeanografiya, geologiya, gidrologiya, sotsiologiya, kommunikatsiya va boshqalar sohalarda global ilmiy muammolarni hal etishda hamkorlik qilishdan iborat.