ZAHARLI O’SIMLIKLAR
ZAHARLI O’SIMLIKLAR — tarkibida zaharli moddalar bor o’simliklar. Zaharli o’simliklar. 2 guruhga bo’linadi: 1) haqiqiy Zaharli o’simliklar — zaharlilik turning xususiy belgisi hisoblanadi; 2) shartli Zaharli o’simliklar — turdagi ayrim o’simlik zaharli bo’ladi (masalan, zig’ir va oq jo’xori ayrim hollarda tsianid kislota chiqaradi). Haqiqiy Zaharli o’simliklarning 10 ming turi bor. Asosan, subtropik va tropik mamlakatlarda o’sadi, masalan, zaqqum. O’simliklarning zaharliligi ulardagi turli organik birikmalar — alkaloidlar, glikozidlar, glikoalkaloidlar, efir moylari, kislotalar, laktonlar, toksalbuminlar, smolali organik moddalarning miqdoriga bog’liq. Bu moddalar o’simliklarning turli organida to’planadi (masalan, Parpi va morolquloqning, asosan, ildiz poyasida, angishvonagulning bargida va hokazolar). Zaharli o’simliklar barcha jonivorlarga bir xilda ta’sir etmaydi. Masalan, odam uchun zaharli belladonna va bangidevona quyon va qushlarga mutlaqo zararsiz, piretrumning ba’zi turlari hasharotlarga zararli bo’lsa, isiqqonli hayvonlar uchun zararsiz; dengiz piyozi kemiruvchilarga zaharli, boshqa hayvonlar uchun zararsiz va hokazolar. Zaharli moddalar o’simlikning turli o’sish davrlarida to’planadi. O’simlikning zaharliligi ular ko’karib turganida qurigandagisiga qaraganda ko’proq bo’ladi, ba’zilarida esa qurigandan keyin zaharliligi butunlay yo’qoladi. Masalan, uchma, ayiqtovon va boshqalar. Ko’pchilik Zaharli o’simliklarning dorivorlik xususiyatlari ham bor (isparak, qizg’aldoq, ko’knori, achchiqmiya va boshqalar). Bulardan olinadigan preparatlar har xil kasalliklarni davolashda ishlatiladi.