ZAXM

ZAXM, lyues, sifilis — barcha a’zo va sistemalarning zararlanishi bilan kechadigan surunkali tanosil (venerik) kasalligi. Zaxm qadimdan ma’lum. Uning yer yuzida paydo bo’lishi va tarqalishi haqida turli fikr va nazariyalar mavjud. Ko’p olimlar fikriga ko’ra, Xristofor Kolumbning Zaxm bilan kasallangan matroslari Ispaniyada Zaxm tarqalishiga sabab bo’lishgan. 1496 yilda epidemiya boshlanib, Italiya, Frantsiya, Shveytsariya, Germaniya, keyin Avstriya, Vengriya va Polshaga tarqalgan. Ayrim olimlar Zaxm Yevropa, Osiyo va yaqin Sharqda qadim zamonlarda ham mavjud bo’lgan degan fikrdalar. O’tmishning buyuk olimlari Galen, Gippokrat, Abu Ali ibn Sino va boshqalarning asarlarida yozilgan kasallik belgilari (yara, afta, kondiloma va boshqalar) aynan Zaxm klinikasini eslatadi. Zaxm 16 asr boshlarida deyarli butun dunyoda paydo bo’lgan. Zaxmni oqish treponema (spiroxetalar) qo’zg’atadi (bu mikroorganizm anilin bo’yog’i bilan yomon bo’yalganligi uchun oqish deyiladi). U bemor qonida, teridagi yarada, limfa tugunlari, orqa miya suyuqligida, so’lagida, nerv to’qimalari va hamma a’zolarida, hatto Zaxm bilan og’rigan ayol sutida va erkak shahvatida ham bo’ladi. Oqish treponema organizmdan tashqarida quritilganda o’ladi, lekin nam muhitda (masalan, shahvat, so’lakda, qin shilimshigida) uzoq yashaydi. Bemor Zaxm tarqatadigan manbadir; u sog’lom kishi bilan o’pishganda, jinsiy aloqa qilganda yoki uning idish-tovoqlaridan foydalanganda kasallik yuqadi. Keyingi yillarda qon quyish yo’li bilan ham (transfuzion) Zaxm yuqish hollari ahyonda kuzatiladi. Oqish treponema teriga yoki shilliq pardaga kirgach, tez ko’payadi va limfa tomirlari orqali butun organizmga tarqaladi. Zaxm bilan kasallangan odam avval o’zini mutlaqo sog’lom sezadi, 3-4 haftadan keyin (yashirin — inkubasion davr tugagach) oqish treponemalar kirgan joyda Zaxmning birinchi belgisi — og’rimaydigan birlamchi sifiloma (qattiq shankr) paydo bo’ladi. Bemor furunkulyoz, o’pka yallig’lanishi, angina, so’zak va boshqa kasalliklar sababli biror antibiotik bilan davolangan bo’lsa, Zaxmning yashirin davri ancha cho’zilishi mumkin. Bunday hollarda antibiotikning tegishli dozasi treponemalarni yo’q qila olmay, ularning rivojlanishini bir oz to’xtatib qo’yadi, natijada yashirin davr ancha cho’zilib ketishidan tashqari, kasallik boshqacha kechishi mumkin. Qattiq shankr paydo bo’lishi bilan Zaxmning birinchi davri boshlanadi: yara (shankr)ga yaqin limfa tugunlari yallig’lanib shishadi, kattalashadi va bir oz qattiqlashadi; ko’pincha darmon quriydi, isitma chiqadi, bosh og’riydi, ayniqsa kechasi suyaklar qaqshab og’riydi, uyqusizlik kuzatiladi. Bu davr 6-9 hafta davom etadi va o’z vaqtida davo qilinmasa, ikkinchi davriga o’tib ketadi: og’iz shilliq qavati, jinsiy a’zolar, qo’l, oyoq va badanda dog’, tuguncha va hokazolar ko’rinishida katta-kichik, rang-barang toshmalar (yiringli tugunchali) paydo bo’ladi; ko’pchilik bemorlarning sochi to’kila boshlaydi, suyak, bo’g’im, muskul, qon tomirlar, yurak, ko’z, quloq, ichki a’zolar va nerv sistemasi zararlanishi mumkin. Bu davrda bemor atrofdagilar uchun o’ta xavfli hisoblanadi. Ikkinchi davr boshida paydo bo’lgan toshma hech qanday davo qilinmasa ham, bir qancha vaqtdan keyin butunlay yo’qolib ketadi; bemor o’zini sog’lom sezib, qech narsadan shikoyat qilmaydi, lekin bu bemorning dardi aridi va u atrofdagilarga kasallik yuqtirmaydi, degan gap emas. Bu faqat Zaxmning latent yoki yashirin davri, xolos. Bemor qunt bilan davolansa, sog’ayib ketadi. Davo qilmay qo’ysa, kasallik to’satdan qaytalanib (residiv), ikkinchi davrning hamma belgilari namoyon bo’ladi va bir qancha vaqtdan keyin ular yana yo’qoladi. Bu jarayon bir necha marta takrorlanishi mumkin. Har galgi qaytalanish oldingisidan faqat kam toshma toshishi bilan farq qiladi. Bemor vrach aytganlarini qilmasa, spirtli ichimliklar iste’mol qilsa, taxm. 3-5 yildan keyin ikkinchi davr Zaxmning oxirgi, uchinchi davriga o’tadi: olcha danagidek do’mboqchalar yoki tuxumdek, ba’zan undan kattaroq gummalar paydo bo’lib, to’qimalarni emiradi, yaraga aylanadi va chandiqlanib bitadi. Kasallik oqibati gummalar o’rnashgan joyga bog’liq. Miya, yurak, tomir, jigar kabi hayot uchun muhim a’zolar zararlansa, bemor hayoti xavf ostida qoladi; yuz zararlangan bo’lsa, burun skeleti yemirilib, bemor badbashara, burni egarsimon bo’lib qoladi. Harakat, ko’ruv, eshituv a’zolari, nerv sistemasining zararlanishi kishini umrbod mayib qilib qo’yadi. Zaxm hamma vaqt ham uchinchi davrga o’tavermaydi. Bemor kasallikning birinchi davrida davolana boshlasa, ikkinchi davri paydo bo’lmay tuzalib ketadi. Bemor vaqtida davolanmay, kasalligini o’tkazib yuborsa, Zaxmning uchchala davri birin-ketin ro’y beradi. Zaxmning birinchi davridayoq nerv sistemasi zararlanadi, lekin bu uchinchi davrda juda og’ir o’tadi — orqa miya so’xtasi va avj oluvchi falajga sabab bo’ladi; bunda yangi davo vositalari ham bemorga foyda bermay qo’yadi. Kasal ona davolash kursini to’liq o’tmagan bo’lsa, Zaxm bolasiga o’tishi mumkin. Ayolning bo’yida bo’lishidan oldin yoki homiladorlik davrida erkak unga Zaxm yuqtirganda ham kasallik bolaga o’tadi. Bu irsiy emas, tug’ma Zaxmdir. Zaxm ayolning farzand ko’rmasligiga sabab bo’lmaydi, biroq homilador Zaxm bilan og’rib davolanmasa, odatda, homiladorlikning 4-5 oyida bolasi tushadi yoki Zaxm bolaning chala (7-8 oyligida) majruh, ba’zan ulik tug’ilishiga sabab bo’ladi. Zaxm belgilari yo’qligi uchun uning yashirin davrini o’tayotgan ona o’zini sog’lom his qiladi va ko’pincha dardi juda og’ir, Zaxm bilan kasallangan bola tug’adi. Yetuk tug’ilgan bolada birinchi kunlari yoki birinchi oy oxiri yoki ikkinchi oy boshida tug’ma Zaxm belgilari namoyon bo’ladi. Suyaklar zararlanishi qattiq og’riqqa sabab bo’lib, bola uxlay olmaydi va yig’lay beradi; badaniga dog’ga o’xshash va tugunsimon juda ko’p toshma toshadi; ko’pincha ichki a’zolar, nerv sistemasi va sezgi a’zolari zararlanadi. Kechikkan tug’ma Zaxm, odatda, bola 5 yoshdan balog’atga yetguncha ro’y berishi mumkin. Davolanmagan yoki chala davolangan bolalardagina kechikkan tug’ma Zaxm hayot uchun xavflidir. Davosi. Bemor vrach aytganlarini qilib, qunt bilan uzoq davolanishi kerak. Zaxm davrlariga qarab maxsus davo tadbirlari belgilanadi, zaxmga qarshi dorilar buyuriladi. Bemorlar venerologiya dispanserlarida hisobga olinib, muntazam tekshirib turiladi. Kasalligini yashirib, davolanmay yurgan yoki davomi to’xtatib qo’ygan bemorlar qonun yo’li bilan majburiy davolanadi. Oldini olish. Dispanserlar Zaxm bilan og’rigan bemor oila a’zolarini, u bilan jinsiy aloqada bo’lgan kishilarni tekshiradi, bemor kimdan kasallik yuqtirganini aniqlaydi va Zaxmning tarqalishiga yo’l qo’ymaslik tadbirlarini ko’radi. Ad.:Arifov S, Eshboev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997. Saidqosim Arifov.