ZUBAYDA
ZUBAYDA (762-831) — Horun ar-Rashidning xotini, amakisining qizi, abbosiylar xalifasi Amin (? — 813) ning onasi. U xalqparvar, kambag’alparvar, xayru ehson borasida behad qo’li ochiq bo’lib, o’z mablag’iga ko’plab shahar, qal’a, rabot, masjid, madrasa, ko’prik, yo’l, ariq, quduq, hovuz, sardoba, koriz qurdirgan, g’oziylar uchun qurol-aslaha va otlar xarid qilgan, yeru mulklar sotib olib, ularni qal’alarga vaqf etgan. Chunonchi, Zubayda Kufadan Makka va Madinagacha bo’lgan yo’llarda quduklar va Makka ahlini oqar suv bilan ta’minlash uchun uzunligi 16 kilometr keladigan bir ariq qazdirgan. Makkaliklar hanuzgacha mazkur ariqni «Aynu Zubayda» («Zubayda chashmasi») deb ataydi. Shosh kanalini (Toshkentdagi Bo’zsuv) tiklashga 2 million dirham ajratgan. Nizomulmumsning «Siyosatnoma» asarida aytilishicha, Erondagi Koshon va Tabriz, Qashqar va Balur chegarasidagi Badaxshon, Isfijobdagi Husan shaharlarini hamda Erondagi Jilon, Xorazmdagi Afrofa va boshqa ko’pgina qal’alarni Zubayda qurdirgan. Ad.: Nizomulmulk, Siyosatnoma, T., 1997.