Hasharotlarda qon bo’ladimi?

Biz o’zimizdan kichkina bo’lgan tirik mavjudotga qarasak, ba’zi birlarimiz o’zimizda bo’lgan a’zolar va organizm funksiyalari ularda yo’q, degan xayolga boradi. Hasharotdek mayda vujudning qanday qilib yuragi bo’lishi mumkin? Jimitday tanada qonni bir zayl aylantirib turadigan qon yurish sistemasi qanday qilib joylashishi mumkin? Tabiatning sehru sinoati faqat shu bilan chegaralanib qolmaydi, ayni mavjudotlarning a’zolari o’zlarining hayoti uchun naqadar mukammal tuzilgan. Voyaga etgan hasharotlarning tanasi uch qismga: bosh, ko’krak yoki toraks va qoringa bo’linadi. Boshidagi bir juft mo’ylovchasi sezish va hid bilish funktsiyasini bajaradi. Og’zi va ko’zi ham boshida joylashgan. Hasharotlarning nafaqat yuragi, balki qon yurish sistemasi ham mavjud. Qon klapanlari bo’lgan teshiklari orqali yuragiga yetib boradi. Yurak kichraygan payti bu teshiklar yopilib qoladi va qon qizil qon tomiriga chiqarib yuboriladi. Hasharotlarda bizdagidek kapillyar (qil tomir)lar va ko’k tomirlar yo’q. Organizmning kislorod bilan ta’minlanishi qon aylanish sistemasi orqali amalga oshmagani uchun qon yurish sistemasi unchalik yaxshi rivojlanmagan. Bizning organizmimizda, sizga ma’lumki, qon tanamizning har bir a’zosiga kislorod yetkazib beradi va yashash uchun imkon yaratadi. Hasharotlarning nafas olish sistemasi butunlay boshqacha. Ularning kichkina tarqoq naylari uchi teshik bo’lib, havo olish uchun tanasi chetlariga chiqib turadi. Havo to’g’ri tana sirtidan kirib, bevosita organizm hujayralariga yetib boradi. Bundan murakkabroq sistema ularning o’lchamiga to’g’ri kelmaydi. Boshqa tomondan, bunday sodda sistema yirik hayvonlar uchun yetarli emas. Tirik mavjudotlarning yarmidan ko’pi uningsiz yashayotganini e’tiborga olsak, bu tuzilmaning unchalik yomon emasligiga iqror bo’lamiz. Hasharotlarning «geksapod» deb nomlanishini ham bilasizmi? Bu istiloh yunonchadan tarjima qilinsa, «oltioyoq» ma’nosini beradi. Agar siz ularning panjasiga nazar solsangiz, geksapod hasharotlarning aksariyati uchun munosib nom ekaniga guvoh bo’lasiz. Ularning uch juft oyogi, odatda, toraksga birikkan. Hasharotlarning ming-minglab turi bor. Ular orasida odamlarga yaxshi do’stlari va o’taketgan dushmanlari ham uchraydi.