Vinilpiridin kauchuklar

Vinilpiridin kauchuklar -sintetik kauchuklar; dien uglevodorodlarning vinilpiridinlar yoki ularning hosilalari bilan sopolimerlanishidan hosil bo’lgan mahsulotlar. Vinilpiridin kauchuklarda vinilpiridin zanjirining miqdori odatda 30% dan oshmaydi. Vinilpiridin zanjiridan tashqari, stirol, akrilonitril, metakril kislota zanjirlariga ega bo’lgan uchlamchi sopolimerlar ham ma’lum. Vinilpiridin kauchuklar suvli emulsiyada monomerlarni sopolimerlab olinadi. Benzol, toluol, benzinda eriydi, 15% dan ortiq vinilpiridini bo’lgan kauchuklar keton va murakkab efirlarda eriydi. Piridin guruhlari borligi sababli Vinilpiridin kauchuklar ionlashtiruvchi nurlar ta’siriga chidamli bo’ladi. Xloranil ishtirokida Vinilpiridin kauchuklardan olingan rezina 200° gacha temperatuada moylar, eritmalar, sintetik surkov moylari ta’siriga chidaydi. Vinilpiridin kauchuklardan tayyorlangan rezina sovuqqa o’ta chidamliligi bilan butadiennitril kauchuklardan tayyorlangan rezinadan farq qiladi. Vinilpiridin kauchuklar -50 dan 180° gacha haroratda ishlatiladigan zichlovchi rezina shlanglar tayyorlashda, shuningdek avtomobil shinalari, yelim, moyga va gidravlik suyuqliklarga chidamli rezina mahsulotlar ishlab chiqarishda qo’llaniladi.