Viza

Viza (Fransuzcha visa, lotincha visis — ko’zdan kechirilgan, qaralgan) — 1) turli davlatlar fuqarolarining boshqa biron-bir davlatga kirishi, undan chiqishi, qisqa muddat yashashi yoki davlat hududidan o’tishi uchun hukumat mas’ul organlari tomonidan (masalan, tashqi ishlar vazirligi, ichki ishlar vazirligi) fuqaro pasportiga qo’yiladigan maxsus rasmiy ruxsat belgisi. Vizalar oddiy, turistik, xizmat va diplomatik turlarga bo’linadi. Oddiy Viza fuqarolarga shaxsan foydalanish uchun, turistik Viza— uyushgan yoki yakka sayyohlarga, xizmat Vizasi— davlat va hukumat organlarining xizmatchi shaxslariga xizmat yuzasidan, diplomatik Viza esa diplomatik maqomga ega bo’lgan mas’ul kishilarga beriladi. Vizalardan bir yoki ko’p marta foydalanish mumkin. Bir marta foydalaniladigan Viza ko’rsatilgan muddat ichida Viza beruvchi mamlakatga bir marta kelib-ketish uchun ruxsatnomadir. Ko’p marta ishlatiladigan Viza ko’rsatilgan muddat ichida ruxsat bergan davlatga bir necha marotaba kelib-ketish huquqini ta’minlaydi. Shuningdek, ko’pgina mamlakatlarda fuqaro pasportlariga o’z mamlakatidan xorijiy yurtlarga chiqish uchun ruxsatnoma — Viza belgisi qo’yilishi mumkin; 2) biron hujjat ustidagi yozuv — rozilik belgisi; hujjatning ichki kelishuvini ifodalaydi. Amaliyotda bironbir hujjatni tayyorlagan shaxsning bu hujjatga mas’ulligini tasdiqlovchi imzosini, shuningdek mansabdor shaxsning muayyan hujjatdagi fikrga (iltimos yoki talabga) roziligini anglatadi.