AREOMETR
AREOMETR (Yunoncha araios — ingichka, bu yerda suyuq va metron — o’lchov) — suyuqlik va qattiq jismlarning zichligini o’lchaydigan asbob. Areometr tuzilishi Arximed qonunita asoslangan. Bunda Areometr siqib chiqargan suyuqlik og’irligi uning og’irligiga teng. Areometr doimiy og’irlikli va doimiy hajmli bo’ladi. Doimiy og’irlikli Areometr bilan o’lchashda zichlik Areometrning suyuklikka botish darajasiga qarab aniqlanadi. Bu xildagi Areometrga densimetrlar (shkalasi zichlik birliklarida darajalangan), eritmalarning kontsentrasiyasini (quyuq-suyuqligini) o’lchash uchun ishlatiladigan spirtometrlar va saxarometrlar (shkalasi og’irlik yoki hajmiy foizlarda darajalangan) kiradi. Densimetrlar shisha yoki metalldan yasaladi. Yuqori temperaturalarda metall densimetrlar ishlatiladi. Odatda Areometr ma’lum (asbobda ko’rsatilgan) temperaturada darajalangan bo’lib, boshqa temperaturalarda o’lchangan qiymatlarga tegishli tuzatmalar kiritiladi. Doimiy hajmli Areometr bilan zichlikni o’lchashda asbob suyuklikka halqasimon tamg’asigacha botiriladi. Shunda suyuqlik zichligi palladan olingan yoki unga qo’yilgan toshlar qiymati bilan aniqlanadi. Qattiq jismlarning zichligini o’lchashda doimiy hajmli Areometr korpusining pastki qismiga qo’shimcha palla biriktiriladi (Areometr-tarozi).