ARIZA
ARIZA — 1) muayyan muassasa yoki mansabdor shaxs nomiga biror iltimos mazmunida yoziladigan rasmiy hujjat, eng ko’p tarqalgan ish qog’ozi. Masalan, bog’cha mudirasi, maktab direktori, oliy o’quv yurti rektori, davlat yoki xususiy korxona yoxud nodavlat tashkiloti yoki jamiyat va hokazolar rahbari nomiga ishga, o’qishga kirish va ulardan bo’shatish, ish yoki uy-joy sharoitini yaxshilash, nafaqa belgilash, moddiy yordam ko’rsatish, ta’til berish, jamoat yoki aktsiyadorlik jamiyatlariga a’zo bo’lib kirish va hokazo mavzulardagi Arizalar; 2) huquqda (arz) — davlat organi, sud, korxona, muassasa, tashkilotga, jamoat birlashmasi va fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlariga bironbir masala bo’yicha yakka tartibda yoki jamoa bo’lib og’zaki yoxud yozma ravishda qilingan shikoyat. O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida” Qonunida (1994 yil 6 may) Ariza ham jismoniy, ham yuridik shaxslar tomonidan berilishi mumkinligi ko’rsatilgan. Qonun talabiga ko’ra, Arizalarni ko’rib chiqish o’z vakolatiga kiradigan davlat organlari, jamoat birlashmalari, ularning mansabdor shaxslari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari Arizalarni har tomonlama, xolisona va o’z vaqtida ko’rib chiqishlari; qonunga asoslangan qarorlar qabul qilishlari va ular ijrosini ta’minlashlari; Arizalarni ko’rib chiqish natijalari to’g’risida fuqarolarga ma’lum qilishlari shart. Arizada bayon etilgan talablarni qondirishning rad etilishi, sabablari ko’rsatilgan holda yozma tarzda fuqaroga ma’lum qilinishi lozim. Arizasi bo’yicha qabul qilingan qaror ustidan fuqarolar ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega. Fuqarolarning Arizalari davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran bir oygacha muddat ichida, qo’shimcha o’rganishni va tekshirishni talab qilmaydigan masalalar esa 15 kundan kechiktirmay hal qilinishi shart. Arizani hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o’tkazish, qo’shimcha materiallarni so’rab olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko’rish zarur bo’lsa, tegishli organ, korxona, muassasa, tashkilot rahbarining o’rinbosari Arizani hal etish muddatini, istisno tariqasida, uzaytirishi mumkin, biroq bu muhlat bir oydan, Arizani ko’rib chiqish umumiy muddati 2 oydan oshmasligi, bu haqda Ariza bergan shaxsga ma’lum qilinishi shart. Arizada fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan va Arizaning mohiyati bayon etilgan bo’lishi lozim. Agar ushbu ma’lumotlar Arizada ko’rsatilmagan bo’lsa, unday Ariza anonim xat hisoblanadi va ko’rib chiqilmaydi. Jinoyat haqidagi imzosiz, qalbaki imzoli yoki uydirma shaxs nomidan yozilgan Ariza anonim hujjat hisoblanib, jinoyat ishini qo’zg’atishga sabab bo’la olmaydi. Ariza arz qiluvchi shaxs tomonidan imzolanishi lozim (O’zR JPK 322 — 323-modda). Og’zaki Ariza ni qabul qilgan mansabdor shaxs tomonidan bu haqda bayonnoma tuziladi, unda arz qiluvchi, uning yashash va ishlash joyi, shaxsiy hujjatlari to’g’risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi, arz qiluvchi hujjat ko’rsata olmasa, uning shaxsi to’g’risidagi ma’lumotlarni boshqa yo’llar bilan tekshirish chorasi ko’rilishi kerak. Fuqarolarning murojaatlari to’g’risidagi qonun talablarini buzganlik uchun O’zR MJK 43-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik ko’zda tutilgan.