Qo’poruvchilik

Qo’poruvchilik – portlatish, o’t qo’yish yoki boshqa usul bilan korxonalar, inshootlar, yo’llar, aloqa vositalarini yoxud boshqa davlat, jamoat mulkini buzish yoki shikastlantirish, yoppasiga zaharlash yoki epidemiyalar va epizootiyalar tarqatish (hayvonlarga kasallik yuqtirish) va hokazolar. O’zbekiston jinoyat huquqida — O’zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlardan biri. Qo’poruvchilik sodir etilishi natijasida mamlakat xalq xo’jaligining muhim ob’yektlari yo’q qilinishi mumkin. Bu esa iqtisodiyotga katta ziyon yetkazadi. Qo’poruvchilik natijasida odamlar halok bo’ladi, ularning sog’lig’iga zarar yetkaziladi, aholining ruhiy holatiga salbiy ta’sir etiladi, sarosimaga tushish va boshqa salbiy hodisalar yuz berishi mumkin. Qo’poruvchilikning hayvonlarni qirib, nobud qilishga yo’naltirilgan turi ham bor, qo’poruvchilar bu bilan xalq xo’jaligini barbod etish maqsadini ko’zlaydilar. Kishilarni zaharlash, yuqumli kasalliklar tarqatish shaklidagi Qo’poruvchilik harakatlari ham og’ir jinoyatlardan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi JKga ko’ra, davlat organlari faoliyati yoki ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligiga yoki iqtisodiyotiga putur etkazish maqsadida odamlarni qirib yuborish, ularning sog’lig’iga ziyon, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilishga qaratilgan harakatlar sodir etgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (161-modda).