Xo’jayli

Xo’jayli (Xo’jaeli) — Qoraqalpog’iston Respublikasi Xo’jayli tumakmdagi shahar. Tuman markazi. Amudaryoning quyi oqimi chap sohilida, Nukusdan 24 kilometr; temir yo’l stantsiyasi, Daryo pristani. Shahar o’rtasidan Toshliyop kanali o’tadi. Aholisi 75,4 ming kishi (Vodnik shaharchasi bilan birga, 2003). “Xo’jayli” atamasi 17-asr oxiri —18-asr boshlarida paydo bo’lgan. Rus tadqiqotchisi A.L.Kunning Xo’jayli haqida 1874 yil eshitgan rivoyatlardan birida Xo’jayli qal’asini Turkistondan ko’chib kelgan eshon alamin Xo’ja qurgan. Shuningdek, mahalliy aholi orasida shaharga sufiylarning yassaviylik oqimiga mansub Xo’jalar tomonidan asos solingan degan rivoyatlar bor. Shahar atrofida miloddan avvalgi 4-3 asrlarda aholi yashaganligini arxeologik qazilmalar tasdiqlaydi. Xo’jayli yonidagi Mizdaxqon shahri xarobasi buning dalilidir. Xo’jaylining tabiati, bozorlari, madrasalari, sug’orish kanallari, aholisi to’g’risida A. L. Kun, V. V. Bartold va boshqalar tomonidan yozib qoldirilgan manbalardan ma’lum. Yangi Xo’jayli (temir yo’l stantsiyasi) 1952-53 yillarda temir yo’l o’tkazilishi munosabati bilan qurilgan. Xo’jaylida paxta tozalash, g’isht, yog’-moy, sut zavodlari, tikuvchilik fabrikasi, non, go’sht kombinatlari, gaz kompressor stansiyasi, 4 avtokorxona mavjud, Mehribonlik uyi, 20 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar kollejlari, 2 musiqa, bolalar va o’smirlar sport maktablari, xalq teatri, 4 madaniyat uyi, 14 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i va Xotira xiyoboni bor. Markaziy kasalxona va uning tarmoqlari, poliklinika, 2 tibbiy dispanser, shoshilinch tibbiy yordam bo’limi faoliyat ko’rsatadi.