Xudoybergan muhrkan
Xudoybergan muhrkan (1822 Xiva — 1920) — xattot, naqqosh, bastakor. To’p quyuvchi usta Muhammad Panohning o’g’li. Otasidan to’p quyushni, xattot usta Ermon xalfadan xattotlikni, muhrkan usta Islom Xo’jadan muhrkanlikni o’rgangan. Xudoybergan muhrkan xon saroyida devon lavozimida ishlagani uchun “devon”, davlat zarbxonasida tanga pullar uchun qoliplar va muhrlar yasagani uchun “muhrkan” nomlariga sazovor bo’lgan. Xudoybergan muhrkan Muhammad Rahimxon II saroyi kutubxonasidagi kitoblarning asosiy qismini (masalan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Abdurahmon Jomiyning “Xaft avrang”, “Silsilat uzzahab”, “Layli va Majnun”, “Yusuf va Zulayho” dostonlari va boshqalar) chiroyli nafis yozuvlarda ko’chirgan. Xudoybergan muhrkan marmar taxtalar, o’ratosh (poyustun) larni chiroyli yozuv va nafis naqshlar bilan, she’riy tarixlarni marmar toshga o’yib yozgan va gullar bilan bezagan; Xudoybergan muhrkan ishlaridan namunalar Xivadagi ko’pgina me’moriy obidalarda saqlangan: Said Mahruyjon maqbarasi (1864), Asfandiyorxon harami (1896) va qabulxonasi (1912), Yusuf yasovulboshi (1906) va Polvon qori (1906) madrasalari, Islomxo’ja minorasi va maqbarasi (1910) va boshqalar. Musiqaga ixlosi baland bo’lgan Xudoybergan muhrkan taniqli maqomchi darajasiga ko’tarildi, musiqa asboblari yasaydi, tuzatadi hamda ularni nafis naqshlar bilan bezaydi, Komil Xorazmiyning “tanbur chizig’i” nota kitobini ko’chirgan, o’zi ham rost maqomiga “Saqili muhrkan” nomi bilan kuy bastalagan. Xudoybergan muhrkan ko’plab shogirdlar (Sobirjon Xudoybergan o’g’li, Karimbergan Rahmonberganov, Komil Devoniy va boshqalar) tayyorlagan.