Xromatografiya
Xromatografiya (xromo… va …grafiya) — gaz, suyuqlik yoki erigan moddalar aralashmasini adsorbtsion usulda ajratish va analiz qilish. Xromatografiya rus botanigi M.S.Svet tomonidan 1903 yilda kashf etilgan. 1931 yilda kun va uning shogirdlari Xromatografiya yordamida tuxum sarig’idagi ksantofil, lutein va zeaksantin moddalari hamda a va rkarotinlarni ajratishdi. 1941 yilda A.Martin va R.Sing taqsimlash Xromatografiyasiga asos soldi va oqsil, uglerod birikmalarini o’rganishda uning keng imkoniyatlarini ko’rsatib berdi. 1940-45 yillarda S.Mur va U.Staynlar aminokislotalarni Xromatografiya usulida ajratish va miqdoriy analiz qilishga katta xissa qo’shdi. 1950 yilda Martin va Jeyms gazsuyuqlik Xromatografiyasi usulini ishlab chiqdi. Xromatografiya olib borilayotgan muxitga qarab gaz, gazsuyuqlik va suyuqlik Xromatografiyalariga, moddalarni ajratish mexanizmiga qarab molekulyar (adsorbtsion), ion almashtirgich, cho’ktirish va taqsimlash Xromatografiyalariga, olib borilayotgan jarayon shakliga qarab kolonkali, naychali (kapillyar), qog’ozli va yupqa qatlamli Xromatografiyalarga bo’linadi. Adsorbtsion Xromatografiya — moddalarning adsorbentda turlicha sorbtsiyalanishi (yutilishi) ga asoslangan; taqsimlash Xromatografiyasi — aralashma tarkibiy qismi (komponentlari) ning qo’zg’almas faza (g’ovak sathli qattiq modda yuzasiga o’rnatilgan yuqori trada qaynaydigan suyuq modda) va elyuentlarda turlicha erishiga; ion almashtirgich Xromatografiya — harakatsiz faza (ionit) va ajraluvchi aralashma komponentlari orasidagi ion almashtirish muvozanati konstantalar farqiga; cho’ktirish Xromatografiyasi esa ajratiluvchi komponentlarning qattiq qo’zg’almas faza ustida turlicha cho’kmaga cho’kishiga asoslangan. Xromatografiya xromatograf deb ataladigan asbob yordamida amalga oshiriladi. Analiz vaqtida xromatograf kolonkasiga yuborilgan tekshiriluvchi moddalar elyuent bilan birga turli vaqg oralig’ida alohidaalohida bo’lib kolonkaning chiqish tomoniga keladi va maxsus sezgir asbob — detektor yordamida uning vaqt birligidagi miqdori qayd etiladi, ya’ni egri chiziq holida yozib olinadi. Bu xromatogramma deb ataladi. Sifat analizi vaqtida moddaning kolonkaga yuborilgandan to chiqqungacha bo’lgan vaqti har bir komponent uchun doimiy temperaturada bir xil elyuentda belgilab olinadi. Miqdoriy analiz uchun esa Xromatografiyadagi piklar (har bir modda uchun tegishli egri chiziq shakli) balandligi yoki yuzasi, detektorning moddaga nisbatan sezgirligini nazarga olgan holda o’lchanadi va maxsus usulda hisoblanadi. Parchalanmay bug’ holatiga o’tadigan moddalarning analizi va ajratilishi uchun ko’pincha gaz Xromatografiya ishlatiladi. Bunda elyuent (gaz tashuvchi) sifatida geliy, azot, argon kabi gazlardan foydalaniladi. Sorbent sifatida esa (zarralar diametri 0,1—0,5 millimetr bo’lgan) silikagellar, alyumogellar, g’ovakli polimerlar va boshqalar ishlatiladi. Gazsuyuqlik Xromatografiya uchun sorbent tayyorlashda solishtirma sathi 0,5—5 m2/g li qattiq modda yuzasiga qaynash trasi yuqori bo’lgan suyuqliklar (uglevodorodlar, murakkab efirlar, siloksanlar va boshqalar) qalinligi bir necha mkm parda holida qoplanadi. Kolonkali suyuqlik Xromatografiyada elyuent sifatida oson uchuvchi erituvchilar (uglevodorodlar, efirlar, spirtlar), qo’zg’almas faza sifatida esa silikagellar, alyumogellar, g’ovakli shisha va boshqalar qo’llanadi. Xromatografiya usulining kashf etilishi tufayli organik kimyo, ayniqsa, tabiiy birikmalar kimyosi jadal rivojlandi. Xromatografiya ko’p komponentli sistemalarni sifat va miqdoriy analiz qilish, sof holda ajratib olishda (jumladan, sanoat miqyosida) katta ahamiyat kasb etadi. Xromatografiya yordamida nodir metallar analiz qilinadi. Sun’iy tayyorlangan transuran elementlarining ochilishida ham Xromatografiya muhim rol o’ynadi. Xromatografiya yordamida 99-element — Eynshteyniy (Es), 100element — Fermiy (Fm) va 101-element — mendeleyeviy (Md) ajratildi. Xromatografiya havo, suv, tuproq, monomerlar tarkibidagi aralashmalarni aniqlashda, organik va neft kimyosi sintezi mahsulotlari analizida, doridarmonlar tozaligini aniklashda, kriminalistikada katta axamiyatga ega. Kosmik kemalar gazi, Mars atmosferasi gazi, oy tuprog’idagi moddalarni analiz qilishda ham Xromatografiya usullari joriy etilgan. Xromatografiya yuqori molekulali birikmalar, ayniqsa, inson, hayvon, o’simlik, mikroblar dunyosiga tegishli biologik ob’yektlarning analizi uchun nihoyatda zarur. Xromatografiya usullari o’simlik tarkibidagi birikmalarni aniqlash, ajratib olish, neft, gaz tarkibini o’rganishda keng qo’llanadi. Ad.: Berezkin V. G., Gazo-jidkotverdofaznaya xromatografiya, M., 1986; Mirkomilova M., Analitik kimyo, T., 2003. Muhabbat Mirkomilova.