Xorazm ma’mun akademiyasi

Xorazm ma’mun akademiyasi, Ma’muniylar akademiyasi — Xorazmda 10-asr oxiri — 11-asr boshlarida faoliyat ko’rsatgan ilmiy muhit. Ma’muniylar davlati (992-1017) tarixi bilan bevosita bog’liq. Siyosiy, iqtisodiy, harbiy qudratga erishgan Xorazmshoxlar davlati mamlakatni birlashtirish, unda tartib o’rnatish bo’yicha tadbirlarni boshlab yuborgan. Kun tartibida davlat ichki va tashqi siyosatini olib borishda mafkuraviy masalalarni hal qilish turgan. Ali ibn Ma’mun (997-1010) dono va zukko maslahatchilarga muhtoj bo’lgan. Uning baxtiga tog’asi, Abu Nasr ibn Iroq o’z davrining o’ta bilimdon olimi bo’lgan. 1004 yilning boshida Ibn Iroq taklifi bilan Beruniy Gurganjga qaytib kelgan; Ma’mun saroyida ilm ahli uchun yaxshi sharoit yaratib berilgan. Bu 2 shaxs Yaqin va O’rta Sharqdagi ko’plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada bo’lganlar. Ularning taklifi bilan Nishopur, Balx, Buxoro va hatto Arab Iroqidan ko’plab olimlar Gurganjga kelishgan. Shu tariqa 1004 yildan boshlab gurganjda “Dorul hikma va maorif” (ba’zi bir manbalarda “Majlisi ulamo”) nomini olgan ilmiy muassasa to’la shakllangan. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi “Platon”, Bag’doddagi “Bayt ulhikmat” akademiyasi faoliyatiga o’xshab ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilgan, juda ko’p manbalar to’plangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan; hind, yunon, Arab olimlarining ishlari o’rganilgan; AlXorazmiy, AlFarg’oniylarning o’lmas asarlari, ilmiy ishlaridan foydalanilgan va tadqiq qilingan. 18-20-asr tarixchi olimlari tomonidan ilmiy muassasa har tomonlama o’rganilgan va o’z faoliyati nuqtai nazaridan bu dargoh o’z davrining akademiyasi bo’lganligi isbotlangan va unga “Ma’mun akademiyasi” nomi berilgan. Xorazm ma’mun akademiyasi asosini quyidagi olimlar tashkil etgan: Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq alja’diy (10-asr — 1034), Abulxayr ibn Hammor (941 — 1048), Abu Saxl Iso ibn Yah’yo alMasihiy alJurjoniy (970-1011), Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad apberuniy, Abu Ali Alhusayn ibn Abdulloh ibn Sino, Abu Ahmad ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Miskavayh (1030 yil vafot etgan), Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil as Saolibiy annaysaburiy (961 — 1038), Ahmad ibn Muhammad assahriy (1015 yil vafot etgan), Abu Ali alhasan ibn Horis alhububiy al-Xorazmiy (10-11-asrlar), Abu Abdulloh Muhammad ibn Homid alXorazmiy (10— 11-asrlar) va boshqalar. Xorazm ma’mun akademiyasi olimlari Yunoniston, yaqin va O’rta Sharq, Hindiston ilm-fan yutuqlarini ijodiy, tanqidiy o’rganib, uni yanada yuksak bosqichga ko’targanlar. Akademiya a’zolarining aksariyati olim sifatida Markaziy Osiyoda shakllanganlar. Ularning ilmiy faoliyati, asarlari tufayli qadimgi Xorazm badiiy san’ati, adabiyoti, astronomiyasi, matematikasi, sugorish madaniyati yutuklari jahon tamadduni xazinasiga kirgan va butun insoniyat manfaatlariga xizmat kila boshlagan. Masalan, Abu Nasr ibn Iroq astronomiyaga doir ilmiy asarlari tufayli “Batlimusi soniy” (“ikkinchi Ptolemey”) degan faxriy nom olgan. Abulxayr ibn Hammor mantiq, falsafadan tashqari tabobatda ham juda mashhur bo’lgani uchun “Buqroti soniy” (“Ikkinchi Gippokrat”) laqabiga sazovor bo’lgan. Abu Sahl alMasihiy tabib, Ibn Sinoning ustozi bo’lgan. Akademiya rahbari Abu Rayhon Beruniy fanning deyarli hamma sohalari bilan shug’ullangan. Uning geodeziya va matematika sohalari bo’yicha asarlari bugun ham dolzarbdir. Beruniy O’rta Osiyoda birinchi bo’lib, tibbiyotga oid. “Kitob assaydana Fittib” (“tabobatda dorishunoslik Kitobi”) asarini yozgan. Beruniy Amerika qit’asi mavjudligini yevropalik olimlardan taxminan 450 yil oldin aytib o’tgan. Uning “qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida qadimgi xalqlar (yunonlar, eroniylar, sug’diylar, xorazmiylar va boshqalar) ning yil hisoblari, bayramlari va mashhur kunlari, urfodatlariga oid qimmatli ma’lumotlar to’plangan. Xorazm ma’mun akademiyasining yana bir zabardast qomusiy olimi Ibn Sino jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan. Xususan, uning “Tib qonunlari” asari butun dunyoga mashhur bo’lgan. Xorazmda Ibn Sino, asosan, mat. va astronomiya bilan shug’ullangan. Olimning Aristotel ta’limoti xususida Beruniy bilan va o’zining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Bu yozishmalar savol-javob tarzida bulib, unda Beruniy va Ibn Sino fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issikdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borganlar. Ibn Sino Xorazmshoxlar vaziri Abul Husayn assahliy bilan do’stlashib, unga atab alkimyoga oid “risola aliksir” (“Iksir haqida risola”) asarini yozgan. Xorazm ma’mun akademiyasi olimlari Xorazm tabiati, iklimi, sug’orish tizimi, mineralogiyasi, yer osti suvlari, Amudaryo Deltasining tarixi, korizlar qurish orqali tuproqni tozalash yo’llarini tadqiq etishgan. Akademiya a’zolaridan Abu Bakr alXorazmiy, tabib Abulfaraj ibn hindu she’riyatda yuksak mahoratga erishganlar. Xorazm tarixi, dinlari, taqvimi, bayramlari, urfodatlari, yozuvi, milliy qadriyatlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar ularning faoliyati tufayli bizgacha yetib kelgan. Ularning o’zlariga xos shiori: “ilm — insonlar hojatini chiqarmoqlikka xizmat qilsin”, — deya atalgan edi. Xorazm ma’mun akademiyasi olimlariga ilmda qat’iylik xos bo’lgan. Aristotel yo’l qo’ygan ko’p xatolar tekshirishlar davomida tuzatilgan, qutbdagi davomiy tun va kunlar masalasi osonlik bilan falakiyot fani nuqtai nazaridan tushuntirilib, yechilgan. Beruniy qayd etishicha, qadimda Xorazm astronomlari yulduzlar joylashish tartibini arablardan ko’ra yaxshiroq bilishgan. Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun (Ma’mun II) saroyidagi olimlar shuhrati o’z davrida uzoq o’lkalarga tarqalgan. Bu esa Mahmud G’aznaviyning g’ashiga tekkan. U uyushtirgan suiqasd natijasida 1017 yilning bahorida Ma’mun II o’ldirilgan va usha yilning iyunida kuyovi uchun qasos olish bahonasi bilan Mahmud G’aznaviy Xorazmga bostirib kirgan. Katta qirg’in va talon-torojliklar natijasida Xorazm ma’mun akademiyasi faoliyati tugatilgan va bu yerdagi olimlarning kupchiligi G’aznaga majburan olib ketilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorazm Ma’mun akademiyasini qaytadan tashkil etish to’g’risida”gi Farmoni (1997 yil 11 noyabr) O’zbekistonning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon ilmiy hamjamiyatidagi o’rnini mustahkamlash, mintaqalarda fanni yanada rivojlantirish hamda iste’dodli va fidoyi olimlarni qo’llab-quvvatlash, yuqori intellektual muhit yaratishdagi milliy an’analarni rivojlantirishda quyilgan muhim qadam bo’ldi. 1997 yil noyabr oyida akademiyaning tarkibida arxeologiya, tarix va falsafa, til va adabiyot, biologiya muammolari bo’limlari tashkil qilinib, 9 ilmiy mavzu bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Arxeologiya, tarix va falsafa bo’limining xodimlari “Xorazmda qadimgi va o’rta asrlar o’zbek davlatchiligi tarixi”, “O’zbek xalqining etnik tarixida Xorazm vohasining o’rni”, “Xorazm viloyati arxeologik yodgorliklarini tadqiq qilish” mavzulari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borishdi. Til va adabiyot bo’limida, “9-13-asrlarda Xorazm yozma adabiyoti va og’zaki epos”, “9-13-asrlar Xorazm yodnomalari tili” mavzusi bo’yicha Xorazm yozma adabiyoti va og’zaki afsonalari hamda rivoyatlar Avestodagi mifologik qatlam bilan qiyosiy tahlil qilindi. Og’zaki va yozma namunalar tahlili orqali adabiy va badiiy tillarga xos xususiyatlar, ularning o’zaro ta’siri o’rganildi. Biologiya muammolari bo’limida 4 ilmiy mavzu “Xorazm vohasi tuproq — iqlimi sharoitida istiqbolli, serhosil, kasalliklarga va zararkunandalarga chidamli ko’niktirilgan o’simliklar navlarini o’rganish”, “Xorazm viloyati sharoitida ekinlarni almashlab ekishning biologik asoslarini ishlab chiqish”, “Xorazm viloyati sharoitida asosiy, oraliq va takroriy ekishlarda ozuqaviy ekinlarni parvarish etishning samarali texnologiyalarini va makkajo’xorining urug’chilik tizimini barpo qilish”, “Quyi Amudaryo mintaqasi tuproqlarining suvtuz rejimini yaxshilaydigan kollektor — zaxkash tizimlarining ish rejimini boshqarish usullarini ishlab chiqish” bo’yicha ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Xorazm ma’mun akademiyasi jamoasi ilmiy tadqiqotlarni xalq xo’jaligi talablari asosida shakllantirish, ularni dolzarb masalalarni yechishga qaratish, byudjet mablag’larining samaradorligini oshirishda ustuvor fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga intilmoqda. 2003 yildan boshlab akademiyada 2 Fundamental va 8 amaliy dasturlar bo’yicha 58 xodim, shu jumladan, 2 akademik, 8 fan doktori va 24 fan nomzodlari ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 9 noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2005 yilda Xorazm ma’mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlanishi belgilandi. Ad. Abu Rayhon Beruniy, Qadimgi xalklardan qolgan yodgorliklar, tanlangan asarlar, 1J., T., 1968; Sadullaev A., Xorazm Ma’mun akademiyasi, Xiva, 2000; Sadullaev A., Sotliqov A., Xorazm Ma’mun akademiyasining tarixiy iddizlari, Urganch, 2003.