Xarare

Xarare (1982 yilgacha Solsberi) — Zimbabve poytaxti. Matabele platosida 1400 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi subtropik, yanvarning o’rtacha temperaturasi 21°, iyulniki 16°, yillik yogin 800 mm dan ziyod. Aholisi 1,4 million kishi (1990-yillar o’rtalari), asosan, afrikaliklar, qisman yevropaliklar. Temir yo’l orqali Hind okeani sohilidagi Maputu va Beyra portlari bilan bog’langan. Avtomobil yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Xarare — mamlakatning muhim savdo-sanoat va moliya markazi. Metallsozlik, mashinasozlik, kimyo, to’qimachilik, oziq-ovqat (tamaki, shakarqand, yog’-moy, un tortish, pivo va boshqalar) sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari va mebel ishlab chiqariladi. Tamaki mahsulotlarining yirik bozori. Shahar oltin va xrom qazib olinadigan rayon markazi. universitet, ilmiy muassasalar, yirik o’quv markazi, Milliy san’at galereyasi, muzeylar, kutubxona, Milliy bog’ bor. Shaharga 1890 yilda asos solingan.