Xronograf
Xronograf (xron… va …graf) — qisqa vaqt oraliqlarini o’lchash va biron bir voqeaning sodir bo’lish vaqtini aniq qayd qilish uchun mo’ljallangan asbob. Qayd qilish aniqligi 0,001 s. Qayd qilish usuliga ko’ra, yozma (qog’oz lentaga chiziqlar chizadi), bosma (chop qiluvchi) va foto (fotoplyonkaga suratga tushiruvchi) turlarga bo’linadi. Yozma Xronografda voqeaning sodir bo’lish payti bir tekis harakatlanib turuvchi qog’oz lentaga o’ziga xos tuzilishdagi perolar yordamida qayd qilinadi. Bosma Xronografda perolar o’rniga igna ishlatiladi. Bunday Xronografda 4 ta aylanuvchi disk bo’lib, ularning gardishida soat, minut, sekund va sekund ulushlari ko’rsatiladi, ulushlar doirasi 1 sekundda, sekundlar doirasi 1 minutda, minutlar doirasi 1 soatda va soatlar doirasi 24 soatda bir marta aylanadi. Qayd qilinadigan vaqt yozuv mashinkasi lentasi orqali qog’oz lentaga bosiladi. Foto Xronografda vaqtni ko’rsatuvchi doiralarning ma’lum qismi chaqnovchi lampa yorug’ligi yordamida fotoplyonkaga tushiriladi. Astronomiya, geodeziya, aviatsiya va dengiz navigatsiyasida aniq soat — xronometrdan foydalaniladi.