Xitoy-Tibet tillari
Xitoy-Tibet tillari, sin tibet tillari — jahondagi eng yirik til oilalaridan biri; XXR, Myanma (birma), Nepal, Butanda va Hindistonning shimoliy Sharqiy qismida tarqalgan 100 dan ortiq, ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, bir necha yuz qabilaviy va milliy tilni o’z ichiga oladi. So’zlashuvchilarning umumiy soni, 2003 yil ma’lumotlariga ko’ra, 1 milliard 360 milliondan ortadi (shundan 1 milliard 320 milliondan ortiqrog’i Xitoy tilida so’zlashadi). Hozirgi tilshunoslikda Xitoy-Tibet tillari, odatda, ularning ichki bo’linishi va dunyo lingvistik xaritasidagi o’rniga qarab 2 asosiy tarmoqqa ajratiladi: 1-tarmoqni ko’plab lahjalar va sheva guruhlariga ega bo’lgan Xitoy tili tashkil etadi. Ba’zi tasniflarda dungan tili ham shu tarmoqqa mansub deb ko’rsatiladi; 2-tarmoqni Tibet-birma tillari tashkil etadi. Ushbu tarmoqdagi asosiy tillar yoki qarindosh tillar guruxlari quyidagilardir: birma tili — Myanma davlatining rasmiy tili (35 millionga yaqin kishi so’zlashadi); Tibet tili — asosan XXRda, qisman nepal va Butanda, Hindistonning Kashmir hududida tarqalgan (6 millionga yaqin kishi so’zlashadi), Karen tillari — Myanma va Tailandtsa tarqalgan (tegishli ravishda 3,5 milloondan va 200 mingdan ortiq kishi so’zlashadi); xani — XXRda tarqalgan (1,5 millionga yaqin kishi so’zlashadi), manipuri — Hindistonning Assom va Tripuri Shtatlarida, shuningdek, Bangladesh va Myanmada tarqalgan (1 million 300 mingga yaqin kishi so’zlashadi); Bodo (kachari) — Hindistonda tarqalgan (800 ming kishi so’zlashadi); garo — Hindistonda tarqalgan (800 ming kishi so’zlashadi); szinpo (Kachin ) — XXR va Myanmada tarqalgan (600 mingdan ortiq kishi so’zlashadi); Lisu — XXRda tarqalgan (600 mingga yaqin kishi so’zlashadi); tamang, nevar va gurun tillari — Nepalda tarqalgan (har birida 500 mingdan ortiq kishi so’zlashadi) va boshqalar. Xitoy-Tibet tillari bo’g’inli, ozmi-ko’pmi agglyutinatsiyaga moyil bo’lgan amorf tillardir. Bo’g’in asosiy fonetik birlik bo’lib, bunda bo’g’inlar chegarasi bir paytning o’zida morfema va so’zlarning chegarasi ham hisoblanadi. Bo’g’in tarkibidagi tovushlar qat’iy belgilangan tartibda joylashadi. Bo’g’in oxirida uchraydigan undoshlar soniga karaganda bo’g’in boshida uchrashi mumkin bo’lgan undoshlar soni ortiqroqdir. Ko’p tillarda ton mavjud. Tarixi yaxshi o’rganilgan tillarda konsonantizm (undoshlar tizimi)ning astasekin soddalashgani hamda unlilar va tonlar tizimining murakkablashganini kuzatish mumkin. Umumiy qoidaga ko’ra, morfema bo’g’inga teng keladi, o’zak esa o’zgarmaydi. Lekin barcha Xitoy-Tibet tillarida xam ushbu qoidaga to’liq rioya qilinavermaydi. O’zaklarni qo’shish so’z yasashning asosiy usulidir. Xitoy-Tibet tillarining yozuvlari 3 asosiy turga: ideografik yozuv, hind yozuvidan kelib chiqqan fonetik yozuv va yaqin vaqtlarda lotin yoki rus alifbolari asosida yaratilgan yozuvlarga bo’linadi. 1-turdagi yozuvga Xitoy ierogliflari, tangut yozuvi ( 11-asr, hozir yo’qolgan), Nasa yozuvi, i yozuvi kabilar kiradi. 2-turdagi yozuvga eng avvalo Tibet alifbosi (7-asrdan mavjud) vabirma alifbosi (11-asrdan mavjud) kiradi. Nevari (12-asrdan ma’lum), Rong (17-asr oxiridan ma’lum), manipuri va birma yozuvlari uncha keng tarqalmagan. Mazkur yozuvlarning umumiy o’ziga xosligi shundaki, ularda “a” unlisi maxsus shaklga ega emas — tegishli undoshlar ana shu unli bilan birga o’qiladi; boshqa unlilarning belgilari ham undoshni ifodalovchi harfning yo ostiga, yo ustiga joylashtiriladi. Lotin alifbosi aso- sidagi yozuvlar XXR va Myanmadagi bir qancha tillar (masalan, i tili) uchun ishlab chiqilgan. Rossiya va Qozog’istonda yashovchi dunganlar esa rus alifbosi asosidagi yozuvdan foydalanadilar. Xitoy-Tibet tillarini qiyosiy va tipologik o’rganish 19-asrning 80-90-yillaridan boshlangan. Ad.: Yaxontov S. E., Glottoxronologiya i kitayskotibetskaya semya Yazikov, M., 1964. Abduvahob Madvaliev.