Shohimardon majmuasi

Shohimardon majmuasi – Xorazm viloyatidagi me’moriy yodgorlik (19-asr); Shohimardon qabristonida. Majmua turli davrlarda qurilgan maqbara, qorixona, oshxona, mujovur (mulla) va ziyoratchilar uchun yotoqxona hamda uning atrofida bunyod etilgan xon avlodlari va aslzodalarning maqbaralaridan tashkil topgan. Xorazmda Shohimardon nomi bilan mashhur bo’lgan xalifa Ali sharafiga qurilgan asosiy maqbara peshtoqgumbazli, bir xonadan iborat, peshtog’i 2 qator g’ishtin sharafa bilan yakunlangan, yuzasi mayda koshinkori yashil “pechak” va “to’rtburchak” shakllar bilan qoplangan. Yo’l yoqasi bo’ylab joylashgan 3 ta qorixona so’nggi davr me’morligiga xos uslubda barpo etilgan. Bir xil kattalikda qurilgan peshtoqli 2 maqbara (biri 7 gumbaz, ikkinchisi 2 gumbaz bilan yopilgan) yon devorlariga an’anaviy yassi ravoqlar ishlangan. “Qo’sh mozor” nomi bilan keng tarqalgan yer osti maqbarasi 3 qismli bo’lib, bosh tarzidagi peshtoq orqali Markaziy xona — miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida kulohiy gumbaz bilan yopilgan go’rxonalar joylashgan, shakldor ravoqlarga o’rnatilgan ichki gumbazi ganch o’ymakorligi bilan bezatilgan. Ayrim binolar buzilgan.