Shohimardonsoy
Shohimardonsoy (Archaboshi, Oqsuv, Marg’ilonsoy) — Farg’ona viloyatidagi daryo. Olay va Turkiston tizmalarining shimoliy yon bag’ridan boshlanadigan Oqsuv va Ko’ksuv soylarining qo’shilishidan (Shohimardon qishlog’i yaqinida) hosil bo’ladi. Vodil qishlog’idan Farg’ona shahrigacha Marg’ilonsoy, undan quyiroqda Shohimardonsoy nomi bilan ma’lum. Uzunligi 112 kilometr. Havzasining maydoni 1300 km2. Qisman Qirg’iziston hududidan oqib o’tadi. Bir necha tarmoqqa bo’linadi. Shohimardonsoyga 32 ta mayda soyjilg’alar qo’shiladi (umumiy uzunligi 86 kilometr). Qor va yomg’ir suvlaridan to’yinadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi 10,1 m3/sek., sel kelganda 64 m3/sek., o’rtacha yillik oqim miqdori 319 million m3. O’rtacha yillik suv sarfi 10,5 m3/sekunddan (ko’p suvli yilda) 7,86 m3/sekundgacha (kam suvli yilda) o’zgaradi. Shohimardonsoy suvi ekin maydonlarini sug’orishga sarflanadi. Soy vodiysida Shohimardon, Oqqiya, Qumbuloq, Langar va boshqalar qishloqlar joylashgan. Shohimardonsoyda bir necha kichik GESlar qurilgan.