Shoh Mahmud Churos
Shoh Mahmud Churos, Mirza Shoh Mahmud ibn Mirza Fozil churros (17-asr) — tarixchi olim. Hayoti, asosan, Yorkend xonligining markazi — Yorkendda o’tgan. Shoh Mahmud Yorkend xonlari Abdullaxon, Ismoilxon, Abdurrashidxon, Muhammad Aminxonga bag’ishlab tarixiy asarlar yozgan. Beshta tarixiy asaridan “Anis attolibin” (1639-40) va “tarixi Shoh Mahmud ibn Mirza Fozil churos” (1670; qisqacha “Tarix”) asarlari bizgacha saqlanib qolgan. Shoh Mahmud “Anis attolibin” asarini Ishqiya tariqatining ishoqiyya suluki rahnamosiga bag’ishlangan. Uning fors tilidagi “Tarix” asari Chig’atoy xoni Ismoilxonga bag’ishlangan bo’lib, bu asar nufuzli saroy a’yoni Erkebek taklifiga binoan yaratilgan. Muallif bu asarni yozishda Muhammad Haydarning “tarixi Rashidiy” asaridan keng foydalangan. Bu asar so’z boshi va 118 ta bobdan iborat bo’lib, Sharqiy Turkiston (muallif iborasicha, Mo’g’uliston)da 1670 yilgacha bo’lgan voqealarni o’z ichiga olgan. Muallif o’zi mansub bo’lgan churos qabilasi haqida mufassal ma’lumot bergan. Shuningdek, asarda qozoq xoni tavakkal va ukasi Ishimxoyushsh Sharqiy Turkiston (Chalish va Turfon)dagi faoliyati ham yoritilgan. Asar qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti va Rossiya Davlat kutubxonasi (Moskva)da saqlanadi. Ad.: Materialm po istorii kazaxskix xanstv XV XVIII vekov, Almaata, 1969.